2025 yil 13 dekabr kuni Xo‘jayli tumanining «Samanko‘l» mahallasi, «Faxriylar» ko‘chasida joylashgan xonadonda baxtsiz hodisa sodir bo‘ldi.
Ma’lum bo‘lishicha, ikki nabirasi bilan birga ijarada yashayotgan fuqaro A.J. uyini isitish maqsadida qo‘lbola isitish pechi mo‘risini o‘zboshimchalik bilan kesib tashlab, ushbu pechni boshqa xonaga ko‘chirgan. So‘ng uni mo‘risiz holda gaz tarmog‘iga noqonuniy ravishda ulagan.
Oqibatda xonadon a’zolari gaz yonishi natijasida hosil bo‘lgan tutun, ya’ni is gazidan kuchli zaharlangan A.J. hamda uning nabiralari — 2011 yilda tug‘ilgan A.S. (8-sinf o‘quvchisi) va 2015 yilda tug‘ilgan A.Q. (4-sinf o‘quvchisi) hodisa joyida vafot etgan.
Hozirgi vaqtda mazkur hodisa yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, mas’ul shaxslarga nisbatan bir qator xizmat tekshiruvlari boshlangan.
Qayd etilishicha, Xo‘jayli tumani hokimligi tomonidan marhumlar oilasiga ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda. Olib borilayotgan ishlar haqida ommaviy axborot vositalari orqali qo‘shimcha ma’lumot beriladi.