Bugun 27 may, 2026 yil, chorshanba

КИР

Xotin ajrashishni talab qilishi mumkinmi?

A A A
Xotin ajrashishni talab qilishi mumkinmi?

Islom xatoni doim ayol kishi qiladi, degan fikrda emas. Ko‘p hollarda erkak ham xatoga yo‘l qo‘yadi.

Yomon xulqli ayoldan erkak taloq hukmi bilan qutuladi degani, aksincha, erkakning xulqi yomon bo‘lganida, ayol hech narsa qila olmasligini anglatmaydi.

Islom shariati quyidagi holatlarda ayolga ajrashishni talab qilish huquqini bergan: er zarar yetkazaversa, jinsiy ojizlik qilsa, oilasini boqishga kuchi yetmasa, uzoq vaqt yo‘q bo‘lib ketsa va hokazo. Zarar yetkazishiga misol. Xotin eridan chidab bo‘lmas darajadagi ko‘rguliklarni boshidan o‘tkazadi.

Masalan, er urishga yoki doim so‘kishga odatlangan yoki xotinining yeb-ichish va kiyinish ehtiyojlarini qondirmaydi. Shunda u qoziga borib, ajrashtirishni so‘raydi. Qozi ishni o‘rganib chiqadi va ularni yarashtirishning imkoni bo‘lmasa, ajrashtiradi. Agar ayol ko‘rsatayotgan sabablar arzimas ko‘rinsa, ayolning talabi inobatga olinmaydi.

Xotin eri unga yomon munosabatda bo‘lsa, Islom ayolga boshqa qurol beradi. Bu qurol xulu’dir.

Xulu’ – xotinning eriga pul taklif qilish yoki mahrdan bir qismini qaytarib berish evaziga taloq so‘rashi. Alloh taoloning:

“Agar ularning Alloh buyruqlarini bajara olmasliklaridan qo‘rqsangiz (eridan taloq olish niyatida) evaz berishida (va erning shu evazni olishida) er-xotin uchun gunoh yo‘q”, degan so‘zi xulu’ mumkin ekanligiga dalildir. (Baqara, 229).

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Aytdi: “Sobit ibn Qays ibn Shamosning xotini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga keldi va: “Yo Rasululloh, men uning xulqi va dinidan nolimayman. Lekin Islomdagi noshukrligini yomon ko‘raman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Unga bog‘ini qaytarib berasanmi?” dedilar. U ayol: “Ha”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sobitga: “Bog‘ni qabul et va uni bir taloq qil”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bunday holatlarda xotin eridan taloq talab qilishi mumkin. Bu Islom dinining adolatini, ayol va erkakka o‘z haq-huquqlarini berishdagi qiymatini ko‘rsatadi.

Shariat o‘lchovida aqlga sig‘adigan sabab bo‘lmasa, xotinning eridan taloq so‘rashiga ruxsat berilmaydi. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Biron sababsiz eridan talog‘ini so‘ragan ayolga jannatning hidi (ham) harom”, degan so‘zlari keltirilgan (Imom Abu Dovud rivoyati).

Shuningdek, “Zarar yetkazish va o‘ziga zarar qabul qilish mumkin emas”, deyilgan hadisga binoan er ham biror sababsiz xotinini taloq qilishi mumkin emas.

Er-xotin o‘zaro muomalada Alloh belgilagan chegaraga rioya qilishlari, haqlarini ado etishlari, adovat va ajrashishga sabab bo‘ladigan muammolardan imkon qadar saqlanishga intilishlari kerak. Uylari baxt-saodat koshonasi bo‘lishiga, bolalarining tarbiyasi va namunali oila tashkil topishiga mas’ul ekanliklarini his qilishlari lozim. Shunda uylari komil insonlarni yetishtiradigan go‘shaga, olimu ulamolar tarbiya topadigan maskanga aylanadi. O‘sha vaqtda Allohning yordami bilan mo‘minlar qalbi quvonchga to‘ladi.

“Islomda oila: muammo va yechimlar” kitobidan.

Kiritildi: 06:15 05.05.2020. O'qildi: 5139 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!