18 aprel oqshomida Xorvatiyaning Karlovac shahrida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida Xorvatiya terma jamoasi sobiq yarim himoyachisi Nikola Pokrivach fojiali tarzda vafot etdi.
Pokrivach Xorvatiyaning to‘rtinchi divizioni klubi "Voynich '95"da o‘ynab kelayotgandi. Faoliyati davomida u Xorvatiya terma jamoasi safida 15 ta o‘yin o‘tkazgan, jumladan, 2008 yilgi Yevropa chempionatida ham Polshaga qarshi g‘alabali o‘yinda ishtirok etgan.
2014 yilda yarim himoyachi Qarag‘andaning "Shaxtyor" futbolchisiga aylangan, bir yildan so‘ng esa Qozog‘iston chempionatini tark etgan. Pokrivach faoliyati mobaynida "Varteks", "Dinamo" Zagreb, "Monako", "Zalsburg", "Inter" Zapreshich, "Riyeka", Makaabi Petax-Tikva" va "Slaven Belupo" klublari sharafini himoya qilgan.
"Bu dahshatli va nihoyatda qayg‘uli yangilik. Biz kasallikni yengib, futbol bilan yashashni davom ettirgan yosh yigit, haqiqiy jangchini yo‘qotdik. Xorvatiya futbol ittifoqi nomidan uning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiraman", – dedi XFI prezidenti Mariyan Kustich.
2015 yilda futbolchiga og‘ir kasallik tashxisi qo‘yilgan va shu sababli professional faoliyatini yakunlagan. Biroq keyinchalik u quyi ligada o‘ynay boshlagan va o‘zining futbolga sodiqligini ko‘rsatgan.