Bugun AOKA huzuridagi shtabda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot kotibi Shavkat Xo‘jaqulov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
— Menga konsalting firma vakillari xorijiy universitetlarga hech qanday imtihonsiz, faqat pul to‘lagan holda masofaviy yoki sirtqi o‘qishni taklif etishmoqda. Firma vakillari birinchi kursdan so‘ng hech qanday imtihonsiz o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirishim mumkinligi yoki o‘qishni tugatgach diplomim O‘zbekistonda imtihonsiz tan olinishini ta’kidlashmoqda. Ularni gapiga ishonsam bo‘ladimi?
— Hozirgi paytda ayrim jismoniy shaxslar hamda konsalting xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni topshirish bo‘yicha yoshlarimiz orasida targ‘ibot tashviqot ishlarini olib borishmoqda.
Sizga taklif etilayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkiloti diplomi O‘zbekistonda tan olinishini uchun quyidagilarga e’tibor qarating:
Avvalo, oliy ta’lim muassasasi sifatida faoliyat yuritishga ruxsat beruvchi hujjati (lisenziyasi) bor-yo‘qligini tekshirish lozim.
Keyingi eng muhim talab esa ta’lim muassasasi berayotgan hujjat ya’ni diplom o‘zi joylashgan mamlakat hududida tan olinishi bilan bog‘liq. Buning uchun esa oliy ta’lim muassasasi va uning ta’lim dasturlari vakolatli organlar tomonidan akkreditasiyadan o‘tkazilganini tekshirib ko‘ring.
Bundan tashqari, talabgor tanlagan OTMning o‘qitish shakli va ta’lim dasturlari O‘zbekiston qonunchiligiga mos kelishini o‘rganishi kerak. Masalan, amaldagi "Ta’lim to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, bakalavriat kamida 4 yil, sirtqi ta’lim kamida 5 yil, magistratura esa kamida 2 yil muddat qilib belgilangan.
Shuningdek, pandemiya sababli yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonlari masofaviy shaklda tashkil etilgani niqobi ostida ko‘plab konsalting tashkilotlari o‘z reklamalarida "diplomi O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi" kabi asoslanmagan ma’lumotlar bilan masofadan ta’lim beradigan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini targ‘ibot qilishmoqda.
Bu esa respublikamiz fuqarolariga noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilishiga va mazkur tarzda o‘qib olingan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasida bugungi kunda amaldagi qonunchilikka muvofiq tan olinmasligiga olib keladi hamda fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘ladi.
👉 Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, mazkur masala bo‘yicha abituriyentlar yoki ularning ota-onalari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining telegram boti (@Uztdibot) murojaat qilib, mutaxassislardan javob olishlari mumkin. Bugungi kunga qadar mazkur masala yuzasidan telegram botga murojaat qilgan 20 ming nafardan ortiq fuqarolarimizga javob qaytarildi. Ularga tegishli tavsiyalar berildi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Yuqoridagi tavsiyalarga asosan Sizga taklif qilinayotgan oliygoh haqidagi ma’lumotlarni yaxshilab o‘rganib keyin qaror qabul qiling.
O‘zingiz va farzandlaringiz umrini va mablag‘laringizni besamar sarflamang.