Bugun 26 oktyabr, 2024 yil, shanba

КИР

Xorijga ko‘chib ketgan o‘zbekistonliklar hisoblab chiqildi

Xorijga ko‘chib ketgan o‘zbekistonliklar hisoblab chiqildi

Statistika agentligi respublikaning demografik ko‘rsatkichi holatini tavsifladi. Qayd etilishicha, 2024 yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 37 mln. 355,4 ming kishini tashkil etmoqda. Shundan erkaklar 18 mln. 809,5 ming, ayollar 18 mln. 545,9 ming nafarga teng.

Respublikada doimiy aholi sonining umumiy o‘sishi 2023 yilning mos davriga nisbatan 2,1 foizga oshib, 755,6 ming kishidan ortdi.

Aholining o‘rtacha yoshi erkaklarda 28,5 yoshni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2014 yil 27,3 yosh, 2004 yil esa 24,8 yoshni tashkil etgan. Ayollarning o‘rtacha yoshi esa 30 yoshni tashkil qilgan. Ayollarning o‘rtacha yoshi 2014 yil 28,6 yosh, 2004 yil esa 26,1 yoshni tashkil qilgan.

2024 yil 1 oktyabr holatiga 1 kvadrat kilometrga o‘rtacha 83,2 kishi to‘g‘ri kelgan. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan solishtirilganda 1,7 kishiga ortgan (2023 yil 1 oktyabr holatiga 1 kv. kilometrga 81,5 kishi).

Hududlar bo‘yicha aholi zichligining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida 6909,6 kishi, Andijon viloyatida 801,3 kishi, Farg‘ona viloyatida 610 kishini tashkil etgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkichlar Navoiy viloyatida 9,8 kishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 12,1 kishini tashkil etgan.

Yana bir ma’lumot, 1 oktyabr holatiga ko‘ra, 2024 yil yanvar-sentyabr oylarida tirik tug‘ilganlar soni 693,9 ming kishini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan past (2023 yil yanvar-sentyabr oylarida 716,9 ming chaqaloq tug‘ilgandi).

Bu yilgi ko‘rsatkichda o‘g‘il bolalar soni 360 ming, qiz bolalar soni 333,9 ming nafar. Ularning 343,4 ming nafari shahar joylarida, 350,5 ming nafari esa qishloq joylarida dunyoga keldi.

Mamlakatda o‘lim holatlari o‘tgan yilgi holatdan ko‘paygan. 2024 yil yanvar-sentyabr oylarida vafot etganlar soni 131,7 ming kishini tashkil etdi: erkaklar soni – 72,3 ming kishi, ayollar soni – 59,4 ming kishi. Vafot etganlarning 74,5 ming nafari shahar joylarida, 57,2 ming nafari esa qishloq joylarida yashagan.

Ma’lum bo‘lishicha, vafot etganlarning o‘limiga asosan qon aylanish tizimi kasalliklari, baxtsiz hodisalar, o‘simtalar, nafas olish organlari kasalliklari, ovqat hazm qilish organlari kasalliklari va boshqa kasalliklar sabab bo‘lgan.

Joriy yil yanvar-sentyabr oylarida 179,4 ming birlikda nikoh qayd etilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,1 ming birlikka kam. Shu davr ichida nikohdan o‘tgan ayollarning o‘rtacha yoshi 22,5 da, erkaklarniki esa 27,4 da. Qayd etilgan nikohlarning eng katta ulushi 25 yoshgacha bo‘lgan ayollarga to‘g‘ri kelgan, ya’ni jami nikohlarning 80 foizini tashkil etgan.

Shuningdek, 2024 yil yanvar-sentyabr oylarida 34 ming birlikda nikohdan ajralishlar soni qayd etilgan. Ajrashgan birliklarning 21,1 mingtasi shaharda (62,0 foiz), 12,9 mingtasi esa (38,0 foiz) qishloq joylarida.

9 oy ichida ajrashgan birliklarning 16 135 tasi farzandsiz, 9863 tasi 1 nafar farzand bilan, 7986 tasi 2 va undan ortiq farzand bilan nikohni bekor qilgan. Jami miqdorga nisbatan Toshkent shahri (13 foiz), Andijon (10,7 foiz), Farg‘ona (10,6 foiz), Samarqand (10,2 foiz) va Toshkent viloyatida (10,1 foiz) ajralishlar ulushi ko‘proq.

2024 yil yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekistonga xorijiy mamlakatlardan ko‘chib kelganlar soni 186,8 ming kishini tashkil etib, shundan erkaklar soni 80 ming kishini, (42,8 foiz) ayollar soni esa 106,8 ming kishini (57,2 foiz) tashkil etdi.

O‘zbekistonga xorijiy mamlakatlardan ko‘chib kelganlarning asosiy qismi Rossiya (jami xorijdan ko‘chib kelganlarga nisbatan 37,8 foiz), Qozog‘iston (24,7 foiz), Tojikiston (10 foiz), Qirg‘iziston (6,2 foiz), Turkmaniston (2,5 foiz) va boshqa mamlakatlar (18,8 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Joriy yil yanvar-mart oylarida O‘zbekistondan xorijiy mamlakatlarga ko‘chib ketganlar soni 193,5 ming kishini tashkil etib, shundan erkaklar soni 83,2 ming kishini, (43 foiz) ayollar soni esa 110 ming kishini (57 foiz) tashkil etdi.

O‘zbekistondan xorijiy mamlakatlarga ko‘chib ketganlarning asosiy qismi Qozog‘iston (jami ko‘chishlarning 82,4 foiz ulushi), Rossiya Federasiyasi (14,2 foiz), Janubiy Koreya (0,7 foiz), Qirg‘iziston (0,6 foiz), Turkmaniston (0,4 foiz) va boshqa mamlakatlar (1,7 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Kiritildi: 19:59 25.10.2024. O'qildi: 1055 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!