Rossiyada tojikistonlik bola millatchi o‘smir tomonidan o‘ldirilgani sababli Rossiyaning Dushanbedagi elchisi TIVga chaqirtirildi — “Meduza”.
Nashr xabariga ko‘ra, gap Moskva viloyatidagi maktabning 4-sinf o‘quvchisi Qobiljon Aliyevning o‘ldirilishi haqida bormoqda.
Tojikiston TIV bayonotida aytilishicha, Rossiya elchisiga mazkur fojiali hodisa bo‘yicha zudlik bilan, xolis va beg‘araz tergov o‘tkazish, shuningdek barcha aybdorlarni qonun doirasida eng qat’iy javobgarlikka tortish talabi bilan nota topshirilgan.
Tojikiston TIV bola halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirgan va Moskvadagi elchixonaga marhumning yaqinlari va qarindoshlari bilan doimiy aloqada bo‘lish topshirilganini ma’lum qilgan.
9 yoshli Qobiljon Aliyev 16 dekabr kuni Moskva viloyatining Gorki-2 aholi punktidagi maktabga millatchi o‘smirning pichoqli hujumi oqibatida halok bo‘ldi. Unga shu maktabning 9-sinfida o‘qiydigan 15 yoshli Timofey K. pichoq bilan o‘limga olib keluvchi jarohatlar yetkazgan. Hujumchi o‘z harakatlarini videoga olib, shaxsiy Telegram-kanalida e’lon qilgan. Videoda u bolalarga hujum qilishdan oldin ularning qaysi millatga mansubligini so‘ragan. Hozirda Timofey qo‘lga olingan.