Bugun 13 may, 2025 yil, seshanba

КИР

Xorijga ketib qolgan otadan aliment qanday undiriladi?

Xorijga ketib qolgan otadan aliment qanday undiriladi?

— Ikki nafar farzandim bilan turmushimdan ajrashdim. Sud aliment undiruvi haqida qaror chiqarmasidan bolalarimning otasi xorijga ketib qoldi. Endi aliment miqdori qanday belgilanadi? Qachondan boshlab hisoblanadi? Bolalarimning otasi xorijda-ku. Undan aliment qanday undiriladi? Shuncha vaqtdan beri to‘lamay kechiktirgani uchun javobgarlikka tortiladimi?
Ismi sir tutildi

Zulfiya Nuraliyeva, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining sudyasi:

— Oila kodeksining 2-moddasiga asosan, oilaviy munosabatlarni tartibga solish erkak va ayolning ixtiyoriy ravishda nikohlanib tuzgan ittifoqi, er va xotinning shaxsiy hamda mulkiy huquqlari tengligi, ichki oilaviy masalalarning o‘zaro kelishuv yo‘li bilan hal qilinishi, oilada bolalar tarbiyasi, ularning farovon hayot kechirishi va kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilish, voyaga yetmagan va mehnatga layoqatsiz oila a’zolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvorligi tamoyillari asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasida oila, onalik, otalik va bolalik davlat himoyasidadir.
Ona va bola manfaatlarini muhofaza qilish ayollarning mehnati va sog‘lig‘ini saqlashga doir maxsus tadbirlar ko‘rish, mehnatni onalik bilan bog‘lab qo‘shib olib borish uchun ayollarga sharoit yaratish, onalik va bolalikni huquqiy himoya qilish, moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yo‘li bilan ta’minlanadi.
Ota-ona o‘z bolalariga nisbatan teng huquq va majburiyatlarga egadirlar
Oila kodeksining 96-moddasida quyidagi nazarrda tutilgan ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart.
Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi.
Voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to‘g‘risida sudga da’vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola voyaga yetmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqlidir.
Ota-ona va bola alohida-alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola bir vaqtning o‘zida ota va onadan voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqli.
Voyaga yetmagan bolalariga aliment to‘lash va ularga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.
Voyaga yetgan, mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.
Shuningdek, ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to‘lash tartibini o‘zaro kelishgan holda belgilashga haqlidirlar.
Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to‘lash tartibi va shakli haqida ota-ona o‘rtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid bo‘lmasligi kerak.
Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga to‘laydigan aliment miqdori Oila kodeksining 99-moddasi bilan tartibga solingan, unga ko‘ra agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi; ikki bola uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.
Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.
Ota-onadan bolalarga undiriladigan aliment miqdori aliment to‘lovchining oylik ish haqiga va (yoki) boshqa daromadiga nisbatan ulushlar hisobida yoki pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanishi mumkin.

Aliment to‘lashi shart bo‘lgan ota-onaning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi doimo bir xilda bo‘lmay, o‘zgarib tursa yoxud daromadining bir qismini natura tarzida oladigan bo‘lsa, shuningdek daromaddan ulush tarzida aliment undirish imkoniyati bo‘lmasa yoinki ota-ona rasman belgilangan ish haqi yoki daromadga ega bo‘lmasa, voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment miqdori har oyda pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanishi mumkin.
Aliment O‘zbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida pul yoki natura tarzida olingan barcha turdagi daromadlardan ushlab qolinadi.
Chet el valyutasida olinadigan daromadlar aliment undiriladigan kunda amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy kursi bo‘yicha so‘mlarda hisoblanadi.
Oila kodeksining 136-moddasiga ko‘ra aliment olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs, aliment talab qilish huquqi vujudga kelganidan so‘ng qancha muddat o‘tganidan qat’i nazar, xohlagan vaqtda aliment undirish to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.
Mazkur shaxs, nizo bo‘lmagan taqdirda, voyaga yetmagan bolalar uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli bo‘lib, bu ariza buyruq tartibida ish yuritish tarzida ko‘rib chiqiladi.
Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi.
Agar ta’minot uchun mablag‘ olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar ko‘rilganligi, ammo aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning uni to‘lashdan bosh tortganligi oqibatida aliment olinmaganligi sud tomonidan aniqlansa, o‘tgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab uch yillik muddat doirasida undirib olinishi mumkin.
Aliment undirish to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarori yoki sud buyrug‘i qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ijro etiladi.
Sudning aliment undirish haqidagi hal qiluv qarori yoki sud buyrug‘i darhol ijro etilishi lozim.
Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvga muvofiq aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning aybi bilan qarz vujudga kelgan bo‘lsa, aybdor shaxs ushbu kelishuvda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning aybi bilan qarz vujudga kelgan bo‘lsa, aybdor shaxs kechiktirilgan har bir kun uchun to‘lanmay qolgan aliment summasining o‘ndan bir foizi miqdorida aliment oluvchiga neustoyka to‘laydi.
Aliment oluvchi aliment o‘z vaqtida to‘lanmaganligida aybdor aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsdan aliment to‘lash majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmaganlik oqibatida yetkazilgan barcha zararlarning neustoyka bilan qoplanmagan qismini undirishga ham haqlidir.
Shuningdek, voyaga yetmagan yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga aliment to‘lash haqidagi sudning hal qiluv qarorini bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslar ushbu Kodeksning 79-moddasiga asosan ya’ni ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlasa, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
MJtKning 47-4-moodasiga ko‘ra, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ya’ni ularni moddiy jixatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik, 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga yoki ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish jarayonida aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda to‘lagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 122-modda talabiga muvofiq moddiy yordamga muxtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ya’ni ularni moddiy jixatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish xavfli residivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar shaxs aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq to‘lagan bo‘lsa. U javobgarlikdan ozod qilinadi.

Kiritildi: 18:15 10.05.2023. O'qildi: 6139 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!