AQSh prezidenti Donald Tramp Amerika qo‘shinlarining bir qismini Germaniyadan olib chiqib ketish borasida NATO rasmiylarini oldindan ogohlantirmagan, deb xabar bermoqda «Euronews».
«AQSh prezidenti Donald Trampning Germaniyadan 5 ming nafar harbiy xizmatchini olib chiqish haqidagi qarori bo‘yicha NATOning yuqori martabali mulozimlari ogohlantirilmagan», — deyiladi materialda.
Telekanal manbasining qayd etishicha, Trampning bayonotidan so‘ng logistika, shuningdek, ushbu qarorning alyansning umumiy jangovar shayligiga ta’siri borasida savollar yuzaga kelgan.
«NATO qo‘mondonligini g‘aflatda qoldirgan ushbu e’londa tafsilotlar juda kam», — deb ta’kidlanadi nashrda.
Shuningdek, aynan qaysi tuzilmalar qisqartirilishi ham noma’lum. Bundan tashqari, telekanal manbalaridan birining fikricha, tafsilotlarning yo‘qligiga sabab — Tramp raqamlarni «taxminan» aytgan bo‘lishi mumkin.