So‘nggi sakkiz yilda Xorazmda mebel sanoati 3 karra o‘sgani ta’kidlandi. O‘tgan yili 311 ta korxona qariyb 300 milliard so‘mlik mebel ishlab chiqardi. Mebelchilikka ixtisoslashgan 9 ta mahallada 2 mingdan ortiq aholi band.
Xonqadagi 10 gektar yerda “Mebelchilik zonasi” tashkil etildi, 5 ta mahalladagi mebelchilar ushbu zonaga ko‘chib o‘tdi. Bu yerda ustoz-shogird amaliyotini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 3 qavatli o‘quv binosi ham qurildi.
Mebelchilik maktabi uchun xorijdan dizayner, marketolog, injener-texnolog olib kelish topshirildi.
Mebel korxonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular uchun chetdan yog‘och va yog‘och materiallarini markazlashgan holda olib kelish yo‘lga qo‘yiladi.
Viloyatda yiliga 16 ming yangi oila paydo bo‘layapti, 7 mingdan ziyod xonadon qurilayapti, yana shunchasi ta’mirdan chiqarilayapti. Shu munosabat bilan mahalliy mebelchilarni yangi qurilayotgan uy egalari va developerlar bilan bog‘laydigan tizim yaratiladi.