Aslida spirtli ichimlik iste’mol qilgan odam rahmsiz, xudbin va surbet kimsaga aylanadi. U o‘zining qo‘pol muomalasi bilan kishilarning g‘ashiga tegadi. Ularni ranjitadi. Ko‘nglini xufton qiladi. Bunday kimsalar oila, uy-ro‘zg‘or tashvishlarini bir chekkaga surib qo‘yib, tubanlik sari yo‘l oladi. Tuproqqala tumanida yashovchi G‘. Latip (hodisa ishtirokchilarining ismi-sharifi o‘zgartirilgan) ham ana shunday nopok kimsalardan biri. U spirtli ichimlikka berildi-yu, oilasida notinchlik paydo bo‘ldi. Hayoti izdan chiqdi. Salima opa uni uylantirish, oilali qilish uchun qancha xonadonlarga bosh suqmadi. Ammo nosog‘lom turmush tarzi bilan kun kechirayotgan Latipga hech kim qizini bermadi. Shu tariqa oylar, yillar o‘tdi. Ammo Latip ichkilikni tashlamadi. Uning bu turmush tarzi onaizorni adoyi tamom qildi. O‘sha kuni ham u mast holda uyiga kirib keldi va arzimagan sabablar bilan onasini haqoratlay boshladi. O‘g‘lining ozorlaridan asablari qaqshagan Salima opa “Qachon odam bo‘lasan!? Shu ichkilik tufayli umring xarob bo‘ldi. Hayotda oila qurmasdan, farzand ko‘rmasdan o‘tib ketadigan bo‘lding! Seni shu orzu-niyatlarda dunyoga keltirganmidik! Hayf sendek o‘g‘ilga..!”
Latip onasining bu dardu-hasratlarini eshitdi-yu, battar g‘azabi qaynadi. Ko‘zlari qonga to‘lib, qarshisida ko‘z yosh to‘kib turgan onaizorni ayovsiz kaltaklay boshladi. Qonga belangan Salima opa uning changalidan qutilib qolish ilinjida tashqari eshik tomon sudraldi. Ammo vaxshiylashgan Latip uni qo‘yib yubormasdan tanasining turli qismiga tepib, turtina-surtina yotoqxonasiga kirib ketdi. Og‘ir tan jarohati olgan Salima opa biror soatdan so‘ng o‘ziga kelib, zo‘rg‘a yotoqxonasiga kirdi va yana xushidan ketdi.
Tongga yaqin uyg‘ongan Latip onasi bilan janjallashgani esiga tushib, u yotgan xonaga kirdi. Bu vaqtda Salima opa yuzu-ko‘zlari qontalash holda qimirlamay yotardi. Toshbag‘ir o‘g‘il hech nima bo‘lmagandek yana yotog‘iga kirib uxlab qoldi.
Ertalab Anvar opasidan xabar olgani uning xonadoniga keldi-yu, ko‘zlariga ishonmadi. Opasi Salima yotoqxonasida qonga belangancha o‘lib yotardi. U darhol “Tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qildi. Afsuski shifokorlar uning taxminan uch, to‘rt soat muqaddam vafot etganligini aytishdi.
Xullas, Latipga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi. Surishtiruvlar davomida u aybiga iqror bo‘lib, qilmishini tan olishdan boshqa chora topolmadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudi Latipning mastlik holatida odam o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyatni sodir qilganligini og‘irlashtiruvchi holat deb baholab, uning aybiga to‘liq iqrorligini, muqaddam sudlanmaganligini, jabrlanuvchining qonuniy vakili tomonidan da’vo yo‘qligini va ishdagi boshqa holatlarni e’tiborga olib, uni 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.
Ayanchli taqdir osmondan tushmaydi, u insonning ahmoqligidan kelib chiqadi, deyishadi. Darhaqiqat shunday. Latip ham ichkilikka berilmasdan halol mehnat qilib, oila qurganida, bola-chaqali bo‘lganida bunday noxushliklar sodir bo‘lmasdi. Afsus, ichkilik oqibatida taqdirini jinoyat ko‘chasi sari burdi va o‘z onasining qotilga aylandi.