Urganchga Rossiya, Turkiya, Italiya, Ispaniya va Fransiyadan aviaqatnovlar qo‘yilgani natija berdi. Lekin, reys yo‘qligi uchun Germaniya, Xitoy, arab davlatlaridan minglab turist yo‘qotilayapti.
Ayni vaqtda Xorazmda bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda Prezident mutasaddilarga Frankfurt, Urumchi, Pekin, Abu-Dabidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys qo‘yish taklifini kiritish, turistik mavsumda Istanbuldan kunlik qatnovni yo‘lga qo‘yish topshirgan.
Urganch aeroporti Koreyaning Inchxon aeroportiga xususiy sheriklikka berilmoqda. Ushbu aeroport milliy me’morchilik an’analariga mos holda rekonstruksiya qilinadi.
Mas’ullarga ishlar boshlanishini kutib o‘tirmasdan, Koreya aviakompaniyalarini jalb qilish, samolyot va aeroportdagi servis xodimlarini malaka oshirish uchun Koreyaga yuborishni boshlash, yangi o‘quv yilidan Xorazmdagi transport va servis texnikumlarida Koreya tajribasi asosida kadr tayyorlashni yo‘lga qo‘yish topshirilgan.