Joriy yilning 21 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Hazorasp tumanida odamlar 10 kg un olish uchun bir-biri bilan yoqalashayotganligi haqida asoslanmagan xabar tarqaldi. Karantin davrida tumandagi barcha mahallalarga arzonlashtirilgan savdo do‘konlari va ko‘chma bozorlar orqali un mahsulotlari belgilangan tartib asosida etkazilmoqda.
Bu borada viloyat va tuman hokimligi, prokuratura, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning viloyat boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan.
Xususan, Hazorasp tumaniga «Bog‘otdon» AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan 1-navli 50kg qopli un mahsulotlari birinchi qo‘l tamoyili asosida yetkazilmoqda. Har bir mahallaga ko‘chma avtodo‘konlar orqali un, makaron, non, yog‘, kartoshka, piyoz kabi maxsulotlarini yetkazib berish jarayoni davom etmoqda.
Mutasaddi tashkilotlar tomonidan aholini birlamchi iste’molbop mahsulotlar bilan ta’minlash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilayotgan bir paytda, ayrim fuqarolarimizning vahima bilan feyk xabar tarqatishi, ehtiyojidan ortiq 3-4 qoplab un mahsulotini sotib olish holatlari kuzatilayotgani o‘rinsiz axborotlarni avj olishiga sabab bo‘lmoqda.
Hazorasp aholisi azaldan tadbirkorlar yurti sanalgan. Shunday ekan, karantin pandemiyasi davrida har bir yurtdoshimiz Prezidentimiz olib borayotgan siyosiy boshqaruvda ko‘makchi bo‘lishini, mahallada, jamiyatda o‘zining sahovatlilik, sabr-toqat va hamjihatlik kabi o‘zbekona xislatlari bilan o‘rnak bo‘lishini so‘raymiz. Zero, saxovat va ko‘mak bor joyda tartib-intizom va baraka bo‘ladi.
