"O‘zenergoinspeksiya" Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi viloyat prokuraturasi va IIB hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirida Yangibozor tumanida joylashgan “F. G.” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi.
Xususan, ushbu shoxobchada gaz hisoblash uskunasi konfigurasiyasiga tashqi ta’sir ko‘rsatilgani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu qoidabuzarlik natijasida, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, gaz ta’minoti korxonasiga 3 milliard 48 million so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.