Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudi tomonidan 1978 yilda tug‘ilgan I. I. ga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi.
Aniqlanishicha, I. I. monitorlarda reklama joylash bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxonada haydovchi lavozimida ishlab, qo‘shimcha ravishda shahardagi monitorlarga reklama joylash vazifasini bajarib kelgan. 31 mart kuni I. I. Urganch shahrining Al-Xorazmiy va Xonqa ko‘chasi chorrahasida o‘rnatilgan reklama monitoriga 20 tadan ortiq videomaterialni joylab, monitorda pornografik mazmundagi videolavhalar namoyish etilishiga sababchi bo‘lgan.
Sud huquqbuzarning ko‘rsatmasi, ishga doir hujjatlarni o‘rganib qaror qildi. Qarorga ko‘ra I. I. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189-moddasi (pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) da ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llanildi.
Videomateriallarni monitorga joylashda foydalanilgan mobil telefon va simsiz internet tarmog‘iga ulanish apparatini davlat foydasiga musodara qilish belgilandi.