Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Xorazmda kelinini himoya qilgan ota o‘g‘li tomonidan do‘pposlandi. U o‘ldi

Xorazmda kelinini himoya qilgan ota o‘g‘li tomonidan do‘pposlandi. U o‘ldi

Hazorasplik Erkaboy Odamboyev tabiatan beozor va xushxulq kishi edi. U Habibulla ota Odamboyevning piru badavlat xonadonida voyaga yetdi. Oila — bolajon. Erkaboy esa, kenja o‘g‘il. Kenja o‘g‘il hamma joyda bo‘lgani kabi Xorazmda ham alohida mehr va ardoq ostida kamolga yetadi. 1981 yil ushbu qishloqda tug‘ilgan kenja farzand Erkaboy ham ana shu alfozda o‘sib-ulg‘aydi. Oila qurdi, farzandli bo‘ldi. Bu orada oilaning qiz farzandlari turmush qurgan ko‘yi ota uyini tark etishdi, o‘g‘illar ham o‘zlari uchun imorat qurib, alohida yashay boshlashdi. Xonadon boshpanasi va 90 yoshli Habibulla ota taomilga ko‘ra, kenja farzand qaramog‘iga o‘tdi.

Alqissa, Erkaboy butun oila obro‘si, nufuzini sarbaland etgandir, dersiz?! Yo‘q. Afsuski, pirovardida bunday bo‘l­madi. Erkaboylar xonadonini odamlar kutganidek, baxtli, saodatli kunlar emas, aksincha, kulfat va g‘urbatdan iborat zulmatli damlar yo‘q­lab keldi.

Erkaboy chindan ham, «erka»ligini qil­di. Balki u chor-atrofdagilarga chin­dan ham, mo‘min-qobil, xushmuomala kishi suvratida ko‘ringandir, ammo Odamboyevlarning katta xonadoni uchun yaxshi va xushxulq farzand bo‘lolmadi. Tashqi qiyofasi ichki dunyosida aks et­madi. Oila sha’nini oyoqos­ti qildi. Eng achinarlisi, padarkush degan tavqi-lan’at yor­lig‘ini bo‘yniga ildi.

…Hayot katta saboq maktabi, kimning aslida kim ekanini bir pasda ko‘rsatadi, oqni — oqqa, qorani — qoraga, saragini — sarakka, puchagini-puchakka ham bir zumda ajratadi. O‘tgan yilning 20 oktyabr kuni oqshom Odamboyevlar xonadonida ro‘y bergan mudhish voqeadan so‘ng odamlar hayotning bu haqiqatiga yana bir marta guvoh bo‘lishdi.

Keyingi yillarda Erkaboyning aft-angori, o‘zgalarga nisbatan muomalayu munosabatida deyarli hech narsa o‘z­garmadi. Avvaliga foydali mehnat, ro‘zg‘or tashvishidan o‘zini butkul chetga ol­di, o‘ziga o‘xshagan dangasa va tepsa — tebranmas kimsalarga qo‘shildi. Oradan xiyol vaqt o‘tmay esa, ichkilikka butunlay mukkasidan ketdi. Uni bu yo‘l­dan qaytarishga qaratilgan pand-nasihatlarning birontasi ham foyda bermadi. Koyish va tergashlardan ham naf chiqmadi. Ichgan chog‘da botirligi qo‘zir, so‘qir ko‘zi aroqdan bo‘lak biron matoh, hatto oilasi, farzand-dilbandlari, keksa otasini ham ilg‘ay olmasdi.

Shu asnoda u viloyat narkologiya dispanserining maxsus ro‘y­xatidan joy oldi. Oila esa, halokat yoqasiga kelib qoldi. Erining xurmacha qiliqlari, haqo­rat va do‘pposlashlariga chiday olmagan turmush o‘rtog‘i Jumagul Masharipova ko‘p hollarda bolalari bilan birga ota-ona uyidan boshpana topdi.

Odamboyevlar xonadonidagi bu mash’um voqea J. Masharipova roppa-rosa yarim yillik arazdan so‘ng oilasi bag‘riga qaytgach, sodir bo‘ldi.

O‘sha kuni Erkaboy choshgohgacha toshdek qotib uxladi. So‘ng o‘rnidan turib, nari-beri nonushta qilgach, tuman markazi tomon yo‘l oldi.

Bunday taxlitdagi «sa­far»­lar­ning boisi ichkilikbozlik ekanini uydagilar yaxshi bilardi. Ularning o‘yi to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Kun ufqqa bosh qo‘yar chog‘i gandiraklagancha uy­ga qaytgan Erkaboy ichish hali maromiga yetmaganidan noligancha turmush o‘rtog‘ini qistovga oldi: aroq uchun pul berishni so‘radi. Xotini uyda pul yo‘qligi, ro‘z­g‘or qozoni deyarli bo‘sh qol­ganini eriga yotig‘i bilan tushuntirishga urindi. Qani en­di, ichkilik ta’sirida butkul aql-hushini yo‘qotgan yostiqdoshi buni tushunsa? Yo‘q, tushunmadi. Tushunishni ham istamadi. Bunga javoban mushtini ishga solishga hozirlandi. Bi­roq ulgurmadi. Keksa ota ojiz ahvolda ekaniga qaramay oraga tushdi.

Kelinini himoya qi­lishga chog‘landi. Afsuski, kuchi yetmadi. Ammo buni ko‘­rib, o‘g‘ilning avzoyi o‘zgardi. Otaga qarata: «Yo‘q­sa, pulni o‘zing ber», deya o‘shqirdi. Ota aroq uchun pul yo‘q­ligini pisanda qildi, so‘ngra: «Vaqt allamahal bo‘l­di, balki ertaga icharsan, ertalab akangdan o‘zim pul olib beraman», dedi. Buni eshitib, o‘g‘il battar quturib ketdi. U aql-hushini yo‘­qotib, otasiga tashlandi va bo‘g‘zidan olib, ayovsiz do‘poslashga tushdi. Yoshi to‘qsondan oshgan qa­riyaning kuchi nimagayam yetardi? Ota o‘g‘­lining birinchi mushti tegishi bilan yerga gursillab yiqildi. Quturib ketgan o‘g‘il esa, bu bilan kifoyalanmadi. Allaqachon hushini yo‘qotgan otani kaltaklash, tepkilashda davom etdi. Cholning yuz, ko‘z, quloq, bu­­run, og‘iz sohalari qattiq shikastlandi. Ko‘z o‘nggida sodir bo‘layotgan dahshatli zo‘ravonlikdan esi og‘ayozgan kelin — Jumagul musht va tepkining galdagi zarbalari o‘zi va far­zand­lari boshiga yog‘ilishini fahmladi, chog‘i, ikki bolasini ergashtirgancha qo‘sh­ni hovlida yashayotgan Odamboyevlarning to‘ng‘ichi Murodning uyi tomon yo‘l oldi.

Tun yarimlagan chog‘ ro‘y bergan bu mudhish ho­disa hammani oyoqqa qalqitdi. Ba­ri ota uyi tomon shoshdi. Bu payt­ga kelib, qilarini qilgan va xumorini yozgan zo‘ravon o‘g‘il xonadonda yashirib qo‘yilgan aroqni topib olgan va uni tikka turib sipqorgancha kuchli mast­lik domida dong qotib uxlar, ota esa, yerda aftodahol holatda cho‘zilib yotar, bazo‘r nafas olardi.

…»Tez tibbiy yordam» hayallamadi. Otani shifxonaga olib ketishdi.

Xayriyatki, ota bir necha kun o‘tib ko‘zini ochdi va o‘sha ku­ni uyida yuz bergan mudhish voqeani aytib berdi. O‘sha kunning ertasi tush chog‘i hushiga kelgan Erkaboy esa, kecha yarim tunda ro‘y bergan mash’um voqea tafsilotini bayon etishdan ojiz qoldi.

U mastlikdan nolidi va uchast­ka noziriga sim qoqib, narkologiya dispanseriga joylashtirib qo‘yishni so‘radi. Tuman shifoxonasiga borib, otasidan hol-ahvol va kechirim so‘­rashni esa, xayoliga ham keltirmadi. Otaning umriga deyarli zomin bo‘layozgan o‘g‘il shu kuniyoq shifoxonaga jo‘nab ketdi. Ota esa, uqdirilganidek, tuman kasalxonasida behushligicha qoldi.

…Oradan 6 kun o‘tgach, otaning sog‘lig‘i ancha-muncha tiklandi va to‘ng‘ich o‘g‘il Murodbek shifokorlardan uni olib ketish va davolash ishlarini uyda davom ettirishga ruxsat so‘radi. Otaning jarohatlari hali bitmagan edi. Shunday bo‘lsa-da, shifokorlar farzandlar o‘tinchiga ko‘ra, uyda davolanishiga rozilik bildirishdi.

Taassufki, og‘ir jarohatlar hali bitmagani va keksaligi otaxonga pand berdi. Shifokorlarning muolajasi foyda bermadi.

Kasalxonadan chiqqach, oradan besh kun o‘tib, hayotdan ko‘z yumdi.

Otasining janozasida ishtirok etish, qabriga bir siqim tuproq tashlash farzi Erkaboyga nasib etmadi…

Otasi vafotidan so‘ng ikki hafta o‘tib, uyiga qaytgan o‘g‘il­ni huquqni muhofaza qi­luvchi idora xodimlari yo‘q­lashdi, ustidan jinoyat ishi ochib, qilmishini Ji­noyat kodeksining sog‘­liqqa qarshi og‘ir kirdikorlar sirasiga kiruvchi 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qis­mi «d» bandi bo‘yicha malakalashdi.

Gumonlanuvchi tergov tarafidan qo‘yilgan savollarga javob berarkan, ko‘nglida otasini o‘ldirish niyati bo‘lmagani, uni mastlik ta’sirida jahl bilan siltab tashlagani, u yi­qilib, lat yegani, bu esa, o‘limga yetaklamasligini bayon qildi. Qilmishini qismangina tan oldi.

Mash’um o‘limning haqiqiy sababi esa, bu borada tayinlangan sud-tibbiyot ekspertizasi jarayonida aniqlandi. Noqobil o‘g‘ilning davosi mutlaqo asossiz bo‘­lib chiqdi. Mar­hum H. Odamboyev zo‘ravonlik qurboni bo‘lgani, hayot va sog‘­lik uchun xavfli bo‘l­gan tan ja­rohatlari pirovardida uni muqarrar ravishda o‘limga yetaklagani ma’lum bo‘ldi. Tibbiy xulosalarni sud va tergovga taqdim etib, guvoh maqomida ko‘r­satma bergan eks­pert va shifokor-mutaxassislar Ulug‘bek Qo‘ziyev, Odamboy Ollashukurovlar ota o‘limiga aynan shu holatlar sabab bo‘lganini ta’kidladilar.

Bag‘rikenglik va kechirimlilik xalqi­mizning bebaho fazilati. Bu qadriyatlar amaldagi qo­nunchiligimizda ham o‘zining teran ifodasini topgan. E. Odamboyevga sud tomonidan jazo ta­yin­lash chog‘i masalaning bu jihati yana yuzaga qalqib chiqdi. Otasining o‘limida qo‘li borligi to‘la isbotlangan o‘g‘ilning tavba-tazarrusi, qilmishidan astoydil pu­shaymonligi, xonadonning ha­minqadar moddiy ahvoli, unda yuzaga kelgan nochor ma’naviy-axloqiy muhit oi­la a’zolarini ham, qonunchiligimiz pos­bonla­ri­ni ham bir muncha xushyor tort­tirdi. Mazkur xonadondagi muhitni barqarorlashtirish, moddiy ta’minotini yaxshilash, ma’naviy muhitni sog‘­lomlashtirish omillari nazarda tutildi. Qolaversa, sudlanuvchining qilmishiga pushaymonligi, muqaddam sudlanmagani, oi­laning deyarli barcha a’zolari tomonidan kechirilgani hukm chiqarishda muhim aha­miyat­ kasb etdi. Sudda ko‘rsatma bergan marhumning qo­nuniy vakili, o‘g‘li Murod Odamboyev va bosh­qa farzand­lar, kelinlar sudlanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligini aytib, unga berilajak jazoni yengillatishni so‘radilar. Albatta, bu sud tomonidan e’tiborga olindi. Sud unga nisbatan Jinoyat kodeksining qilmish uchun nazarda tutilganidan ham kamroq jazo tayin­lashni taqozo etuvchi 57-moddasini qo‘l­lashni lo­zim topdi. Eldoshlari orasida padarkush nomini olgan nomunosib o‘g‘il kodeksning yuqo­rida zikr etilgan 104-moddasi 3-qismi asosida 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Qilmish, shubhasiz, qidirmish va muqarrar jazoga yetakladi. Buni aslida tan jazosi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Ammo kishiga ruhan va ma’nan azob beradigan og‘irroq jazo ham bor. Bu — vijdon azobi.

Bu o‘zini bilgan, anglagan kishi uchun bir umrlik jazo. Undan qutulishning bir yo‘li bor: u jazoni o‘tash chog‘ida chinakamiga tarbiyalanish, umrning zimistonda o‘tgan onlariga qayta-qayta razm solish, undan to‘g‘ri va oqilona xulosa chi­qarish, ezgulik yo‘llarini izlash, uni topish, ozodlikka chiqqach esa, talab-u taqozolarini to‘la-to‘kis bajo keltirish, ota qabriga doimo bosh qo‘yib, u zotning xotirini hamisha yod etish, oilasi, rafiqasi va farzandlarning munosib rahnamosi, sohib-u, soya­boni bo‘lishdek insoniylik amallarini bekamu-ko‘st ado etishdan iborat. Alqissa, bularning ba­ri vaqt va fursatga borib taqaladi va istak, orzu-niyatlarning hayotdagi ifodasi ijobati ham o‘shanda namoyon bo‘ladi. Ji­noyat­ qilib, gunohga botsa-da, oxir-oqibat tuzalish va pok­lanish yo‘­liga kirgan, chinakam hayotdan, oi­lasi va yaqinlaridan umid uzmagan, yaxshilik va ezgulikka astoydil qo‘l bergan kishiga Yaratganning o‘zi madadkor bo‘ladi. Qaniydi, buni hamma birdek anglab, bari birdek ahil, inoq, bahamjihat turmush kechirsa, aziz umrini ezgu so‘z, ezgu amal, ezgu fikrat yo‘l­lariga baxshida etsa?! Nazarimizda, jannat eshiklari shunday fazilatli insonlarga ochiladi, ha, tirikligidayoq ochiladi! Boshqalarga esa … yo‘q, ochilmaydi!

Akbar Aminov,

jinoyat ishlari bo‘yicha Hazorasp tumani sudining raisi,

Abdulla Sobirov,

jurnalist

Kiritildi: 14:36 29.06.2020. O'qildi: 3915 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!