Bugun 17 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Xorazmda jinoyatga qo‘l urgan bog‘cha tarbiyachisiga jazo tayinlandi

A A A
Xorazmda jinoyatga qo‘l urgan bog‘cha tarbiyachisiga jazo tayinlandi

Maktabgacha ta’lim muassasasi chinakam tarbiya maskani, farzandlarimiz kelajagi uchun har tomonlama ishonchli dargohdir.

MTMda tarbiyachilar faoliyati har tomonlama sog‘lom, barkamol bola shaxsini tarbiyalash va maktabga tayyorlashda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.

Biroq mazkur maskanda faoliyat yuritib, jinoyat ko‘chasiga kirgan ayrim shaxslar ham uchrab turadi.

Xususan, 1989 yilda tug‘ilgan Guzal (ismi o‘zgartirilgan) Urganch shahridagi MTMda tarbiyachi vazifasida faoliyat yuritib kelib, 1999 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qaynsinglisi Salimani g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etishga jalb qilgan.

Jumladan, Guzal qaynsinglisi Salima bilan jinoiy til biriktirib 2017 yilning noyabr oyidan 2018 yilning sentyabr oyigacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘zining yashash uyining omborxonasida saqlanayotgan tadbirkor Mansur (ismi o‘zgartirilgan)ga tegishli bo‘lgan jami 51.840.000 so‘mlik ancha miqdordagi qandillarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, o‘g‘irlik jinoyatini sodir etgan.

2019 yil 20 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida sud, Guzal tomonidan yetkazilgan zararning bir qismi qoplanganligi, muqaddam sudlanmaganligi, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandi borligi, yashash joyidagi mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan ijobiy tavsiflanib, kafolat xati taqdim qilinganligini inobatga olib, unga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudi tomonidan 2018 yilda ko‘rib tamomlangan jinoyat ishlari bo‘yicha 11 shaxsga nisbatan mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan taqdim qilingan kafillik xatlari inobatga olinib, sudlanuvchilarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.

A.Qahhorov,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Urganch shahar sudi raisi

Kiritildi: 16:29 21.02.2019. O'qildi: 2409 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik