Tadbirkorlik sub’ektlarini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga tijorat banklari tomonidan kredit mablag‘lari ajratilib kelinmoqda.
Biroq tuzilgan kredit shartnoma shartlarini o‘z vaqtida bajarmayotgan tadbirkorlar ham uchrayotgan bo‘lib, bu kabi kredit qarzdorliklarini undirish majburiy ijro byurosi organlari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 11.10.2024 yildagi ijro varaqasiga asosan qarzdor “H.B.Q.G.” MCHJ va sherik javobgar “B.I.Q.” MCHJdan solidar tartibda “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi foydasiga 980.938.818 so‘m undirish, undiruvni garov shartnomasiga asosan garovga olingan sherik javobgarga tegishli 2023 yilda ishlab chiqarilgan “TAHOE” rusumli avtotransport vositasiga qaratish belgilangan.
Qarzdorlikni bartaraf qilish uchun qonunchilikka muvofiq qarzdorga ixtiyoriy muddat berilgan bo‘lsa-da, ijro hujjati talablari bajarilmagan.
Ijro harakatlari davomida sherik javobgarga tegishli mazkur avtotransport vositasi Urganch shahrida harakatlanib yurganligi aniqlanib, tegishli tartibda vaqtincha saqlash uchun undiruvchi bank binosiga joylashtirilgan.
Kelgusida ushbu avtomashina elektron-onlayn auksionlarida sotilib, sotuvdan tushgan puldan mavjud qarzdorlik qoplanadi.