Bugun 20 avgust, 2026 yil, payshanba

КИР

Xorazmda 81 ming kishini kambag‘allikdan chiqarish vazifasi deputatlar nazoratiga olinadi

Xorazmda 81 ming kishini kambag‘allikdan chiqarish vazifasi deputatlar nazoratiga olinadi

Xorazmda yil yakuniga qadar 81 ming kishini kambag‘allikdan chiqarish va 39 ming ishsiz fuqaroning bandligini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan. Endi bu maqsadlar ijrosi har bir deputat kesimida nazorat qilinadi.

Bu haqda Senat axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi ishchi guruh Xorazm viloyatida o‘rganish ishlarini olib bordi. Urganch shahrida mahalliy Kengashlar deputatlari, «mahalla yettiligi» va qator jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida bu vazifalar ijrosini nazorat qilishning yangi tizimi muhokama qilindi.

Yangi tizimga ko‘ra, har bir deputat o‘zi saylangan okrug hududidagi mahallalarda ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini nazorat qiladi.

Bunda deputatlar «mahalla yettiligi» va jamoat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda ishlaydi. Ular nafaqat mavjud muammolarni aniqlaydi, balki ularni hal etishda ijro hokimiyati organlariga amaliy yordam ko‘rsatadi va natijalarni kuzatib boradi.

Ayniqsa, Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalar bilan individual reja asosida ishlashga e’tibor qaratiladi. Ularni kambag‘allikdan chiqarish, ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning sifati va natijadorligi alohida nazorat qilinadi.

Shuningdek, har bir deputat o‘z saylov okrugidagi mahallalarda ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, investisiya va ijtimoiy infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq reja asosida ish olib boradi.

Yangi tizimda deputatlarning ishi faqat nazorat bilan cheklanmaydi. Ularning vazifasi muammoni aniqlash, uni hal etishga amaliy yordam berish, ijroni kuzatish va yakuniy natijani baholashdan iborat bo‘ladi. Bu ishlar birinchi navbatda og‘ir toifadagi mahallalardan boshlanadi.

Amalga oshirilayotgan ishlar har hafta doimiy komissiyalar tomonidan o‘rganiladi. Natijalar esa har oy xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida tanqidiy muhokama qilinib, mas’ul rahbarlarning hisobot va axborotlari eshitiladi hamda ularning faoliyatiga baho beriladi.

Tizimni amalga oshirishga Mahallalar uyushmasi, «Nuroniy» jamg‘armasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi hamda kasaba uyushmalari tashkilotlari vakillari ham jalb etiladi.

Ushbu tizim Xorazm viloyatidagi 348 nafar deputat faoliyati va 509 ta mahallaga tatbiq etiladi.

Kiritildi: Bugun 18:22. O'qildi: 202 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!