O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod Umarali Rahmonaliyev o‘ynayotgan Ozarbayjonning "Sabax" jamoasi Yevropa Chempionlar ligasi saralash turniridagi ishtirokini davom ettirmoqda.
Bungacha uchta bosqichda oltita o‘yin o‘tkazgan bokuliklar qit’aning eng nufuzli turniri umumiy bosqichi yo‘llanmasi uchun o‘tkazilayotgan pley-offda Isroilning "Xapoel Beer Sheva" jamoasiga ro‘baro‘ keldi.
Birinchi uchrashuv raqib maydonida o‘tkazilashi kerak edi. Lekin siyosiy vaziyat tufayli uchrashuv neytral hudud - Ruminiyaning Buxarest shahrida tashkil etildi. Unda hisobni "Sabax" futbolchilari ochganiga qaramay, raqib ikkita gol urdi va uchrashuvni 2:1 hisobida o‘z foydasiga hal qildi.
Keyingi bosqich yo‘llanmasi sohibi 25 avgust kuni Boku shahridagi javob uchrashuvida aniqlanadi. "Sabax" turnirdagi yurishini davom ettirishi uchun o‘z maydonida ikki to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishi talab etiladi.
Bu juftlik g‘olibi Chempionlar ligasining umumiy bosqichida ishtirok etadi, mag‘lub jamoa esa yevrokubok mavsumini Yevropa ligasida davom ettiradi.
Ta’kidlash joizki, "Sabax" futbol klubi hali 10 yoshga ham to‘lmagan yangi jamoa.Klub 2017 yil sentyabr oyida tashkil etilgan.
Klubning qisqa tarixidayoq uchta milliy sovrin qo‘lga kiritilgan. O‘tgan mavsum "Sabax" ilk bor Ozarbayjon chempioniga aylandi va shu orqali Chempionlar ligasi saralashida debyut qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu yo‘lda jamoa Uelsning "Nyu-Seynts" (2:0, 2:1), Finlyandiyaning "KuPS" (1:0, 2:0) va Daniyaning "Orxus" (1:2, 4:0) klublaridan ustun keldi. Bu uchrashuvlarning barchasida Umarali Rahmonaliyev ishtirok etdi va maydonda asosiy figuralardan biri bo‘ldi.
Muhim jihati shundaki, 22 yoshli legionerimiz "Sabax" safidagi o‘yinlari orqali Yevropaning "Top-5" ligalari skautlari e’tiboriga tushdi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Fransiya vise-chempioni "Lans" Rahmonaliyevni o‘z safiga qo‘shib olish uchun transfer imkoniyatlarini o‘rganishga kirishgan. Bu jamoa tarkibida ilgari Abduqodir Husanov to‘p tepgan va uning "Manchester Siti"ga transferi Lans klubiga juda katta moliyaviy foyda keltirgan.
Endi "Sabax" o‘z maydonidagi javob uchrashuvida Isroil klubidan o‘tsa, Chempionlar ligasining umumiy guruhida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi. 36 ta jamoa ishtirok etadigan bu bosqich uchun qur’a tashlash marosimi 27 avgust kuni Monakoda bo‘lib o‘tadi. Yevropa ligasi va Konferensiyalar ligasi qur’alari esa 28 avgust kuni o‘tkaziladi.