"Xohlovchilar koalisiyasi" bayonotlar va ramziy tadbirlarda kuchli ko‘rinsa-da, Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga erishish masalasida ojizligicha qolmoqda, deb yozdi Germaniyaning Spiegel jurnali.
Dushanba kuni asosan G‘arb davlatlaridan iborat koalisiya vakillari Parijda Ukrainaga keyingi yordam, xavfsizlik kafolatlari va havo hujumidan mudofaa sohasidagi hamkorlikni muhokama qilish uchun yig‘ildi.
Koalisiyaga 35 dan ziyod mamlakat kirgan bo‘lib, unda Fransiya va Buyuk Britaniya muvofiqlashtiruvchi vazifani bajarmoqda.
Spiegel Parijdagi uchrashuv dabdabali marosimlar va Yevropaning harbiy qudratini namoyish etish bilan o‘tganiga e’tibor qaratdi. Nashr koalisiya a’zolari namoyish etayotgan ramzlar va "hashamatli dekorasiyalar" Moskvada taassurot uyg‘otish uchun yetarlimi, degan savolni o‘rtaga tashladi.
"Yoki “xohlovchilar koalisiyasi” aslida “xayrixohlar koalisiyasi”mi — doimo tirishqoq, ammo qachondir o‘zi erishmoqchi bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish masalasiga kelganda ojiz?" — deya yozadi jurnal.
Spiegel nashrining ta’kidlashicha, koalisiya o‘zini namoyishkorona qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa-da, uning ortidagi amaliy yordam zaiflashib bormoqda. Xususan, Ukrainaga real harbiy yordam ajratayotgan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari soni 2023 yildagi 21 tadan 2026 yilda 14 tagacha kamaygan.
Kil jahon iqtisodiyoti instituti ma’lumotlari ham Yevropa harbiy yordamining tobora kam sonli davlatlar zimmasiga tushayotganini ko‘rsatadi. Germaniya va Buyuk Britaniya 2022–2025 yillarda G‘arbiy Yevropadan ajratilgan harbiy yordamning qariyb uchdan ikki qismini ta’minlagan.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml Parijdagi uchrashuvni diqqat bilan kuzatishini bildirdi. U koalisiyani tinchlikni emas, mojaroning davom etishini istaydigan "urushni qo‘zg‘atuvchilar koalisiyasi" deb atadi.
Rossiya G‘arb davlatlarining Ukrainaga qurol yetkazib berishi mojaroni hal qilishga to‘sqinlik qilishi, NATO mamlakatlarini unga bevosita jalb etishi va muzokaralarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini bir necha bor ta’kidlagan.