Xivada "Eco-schools Uzbekistan" loyihasining asosiy ramzi bo‘lgan Yashil bayroq tantanali ravishda ko‘tarildi. Loyihaning milliy operatori — "Zamin" fondi tomonidan o‘tkazilgan audit natijalariga ko‘ra, 30 ta maktab dasturning eng yaxshi ishtirokchisi deb topildi va ekologik ta’lim sohasida xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Ziroat Mirziyoyeva bolalarni munosib mukofot bilan samimiy tabriklab, erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmaslikni tiladi va shunday dedi:
"Barcha sinov va qiyinchiliklarga qaramay oldinga intilish faqatgina matonatli hamda o‘z ona yurtiga chin muhabbati bor insonlarning qo‘lidan keladi. Men faxr bilan aytamanki, bu xislatlar har biringizda mujassam! Sizlar tabiatning chinakam himoyachilarisiz va sa’y-harakatlaringiz bizni BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish sari yaqinlashtirmoqda".
Bayramda xalqaro toifadagi oshpaz va diyetolog-nutrisiolog ekomaktab o‘quvchilari uchun muvozanatli ovqatlanish asoslari va sog‘lom taomlanish odatlarini shakllantirish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazdi. Mavzu davomida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan maktab o‘quvchilari, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari hamda oshxona va bufet xodimlari uchun to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar taqdim etildi. Ushbu qo‘llanmalar barcha umumta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan respublika treninglariga asos bo‘ladi.