Bugun 22 dekabr, 2024 yil, yakshanba

КИР

Xitoy va o‘zbek arxeologlari guruhi Surxondaryoda eramizdan avvalgi VIII asrga oid manzilgohni aniqladi

Xitoy va o‘zbek arxeologlari guruhi Surxondaryoda eramizdan avvalgi VIII asrga oid manzilgohni aniqladi

Xitoy va o‘zbek arxeologlaridan iborat guruh Surxondaryo viloyatida miloddan avvalgi VIII asrga oid manzilgohni topdi. Bu haqda Global Times manbasiga tayanib Daryo nashri xabar berdi.

Manbada aytilishicha, manzilgoh Surxondaryo daryosi bo‘yida aniqlangan. Tadqiqotchilar manzilgoh hunarmandlar turar joy majmuasi bo‘lganini taxmin qilishmoqda.

Manzilgoh kvadrat shaklidagi me’moriy inshoot ekanligi xabar berilgan. Unda bir nechta maydonlar mavjud bo‘lib, arxeologlar ularni o‘choqlar va chiqindi tashlanadigan chuqurliklar deb ma’lum qilishgan.

Xaroba manzilgoh ostidan bir nechta kvadrat shakldagi kichik xonalar ham topilgan. Arxeolog Xe Jierao Global Times gazetasiga ma’lum qilishicha, bu joylar qadimgi oshxonalar yoki yashash xonalari bo‘lgan. Chunki manzilgoh yaqin-atrofida ko‘p miqdorda kulolchilik buyumlari ham topilgan.

“Hududda tegirmon toshlari, zararkunandalarga qarshi kukunlar va idishlar topildi. Bu mintaqada qadimgi odamlarning oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash usullarini ochib berishi mumkin”, — degan arxeolog Xe Jierao.

Surxondaryodagi manzilgohni aniqlash loyihasi arxeolog Ma Jian va uning jamoasi tomonidan Xitoyning Shensi provinsiyasi, Sian shahridagi Shimoli-g‘arbiy universitetida boshlangan. Manzilgoh hududidagi qazish ishlariga aprel oyida kirishilgan.

Xitoylik va o‘zbekistonlik mutaxassislar O‘zbekiston hududida apreldan iyungacha jami uchta manzilgoh aniqlashgan. Ulardan biri 6 ta bino qoldiqlari va 25 ta qabrni o‘z ichiga olgan Kushon imperiyasi davriga aloqador topilmadir.

“Bunday kashfiyot aynan shu hududda qadimiy Kushonlar madaniyatining xronologik vaqt jadvalini aniqlash uchun ma’lumot taqdim etadi. Bu Surxondaryo viloyati atrofidagi sivilizasiyaning rivojlanish trayektoriyasini ham tasavvur qilishimizga yordam beradi”, — degan loyihada qatnashgan arxeolog Van Men Global Times nashriga.

Surxondaryo daryosi bo‘yidan topilgan manzilgohda qazishma davom etayotgani xabar qilingan. Tadqiqotchilar Farg‘ona vodiysida ham manzilgohlar aniqlagani aytilgan.

Kiritildi: 15:29 24.06.2024. O'qildi: 919 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!