Bokuda CMTI direktori 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo hajmi birinchi marta 100 milliard dollardan oshganini ta’kidladi.
Joriy yilning 12–14 mart kunlari Boku shahrida Nizomiy Ganjaviy nomidagi xalqaro markaz tomonidan tashkil etilgan XIII Global Boku forumi bo‘lib o‘tdi. Uning ishida 400 ga yaqin xorijiy vakillar, jumladan, sobiq va amaldagi davlat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar a’zolari va ekspertlar ishtirok etdi.
Forum “Bo‘lingan dunyoda ko‘priklar qurish” shiori ostida o‘tdi va xalqaro tizim transformasiyasining asosiy tendensiyalari, ko‘p tomonlamalik inqirozi, global xavfsizlik va barqaror rivojlanish masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Tadbirning asosiy ishtirokchilari orasida Ilhom Aliyev, Bayram Begay, Yakov Milatovich, Joze Ramush Orta, shuningdek BMT Bosh kotibi o‘rinbosarlari Migel Anxel Moratinos va Amanda Rossbax, YUNKTAD Bosh kotibi Rebeka Grinspan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus va boshqalar bor edi.
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov forum yalpi sessiyasidagi nutqi hamda Ozarbayjon OAVlariga bergan sharhlarida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy yuksalish bosqichida ekanini ta’kidladi. U ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni siyosiy ishonch, iqtisodiy pragmatizm va uzoq muddatli manfaatlarning mos kelishiga asoslangan tizimli sheriklik sifatida ta’rifladi.
E.Aripov ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli shaxsiy munosabatlarning yuqori darajasini alohida qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, bu holat o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam siyosiy asos yaratadi.
“Ikki tomonlama kun tartibi izchil va kompleks rivojlanmoqda. O‘zbekiston–Ozarbayjon hamkorligi nafaqat savdo, sanoat va energetika kabi an’anaviy yo‘nalishlarni, balki raqamli texnologiyalar, innovasiyalar va sanoat kooperasiyasining zamonaviy shakllari kabi yangi sohalarni ham qamrab oladi”, — dedi SMTI direktori.
“Xitoy va global boshqaruv tashabbusi” sessiyasidagi nutqida E.Aripov global boshqaruv tizimi inqirozi tobora chuqurlashib borayotganiga e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mavjud xalqaro mexanizmlar ko‘p hollarda dunyoning yetakchi davlatlari o‘rtasida kelishilgan qarorlarni ishlab chiqishni ta’minlashga qodir emas.
Shunday sharoitda, deya ta’kidladi u, xalqaro hamjamiyat amalda jahon tizimining kelgusi rivojlanish yo‘lini tanlash bo‘yicha jiddiy tanlov oldida turibdi.
“Yoki ko‘p tomonlama hamkorlikning samarali mexanizmlarini tiklashga erishiladi, yoki jahon tartibi kuchlar muvozanati va strategik tiyib turish mantig‘i asosida shakllanadi”, — dedi u.
E.Aripovning fikricha, Xitoy tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar jahon tizimining kelajagi haqidagi xalqaro muhokamalarni rivojlantirishga muhim hissa qo‘shadi.
Uning ta’kidlashicha, Xitoy jahon tartibiga nafaqat muqobil qarashni, balki boshqaruvning yangi falsafasini ham taklif qilmoqda.
“Pekin universal tamoyillar haqida gapirmoqda. Unga ko‘ra, kichik davlatlarning ovozi yirik davlatlar ovozi bilan teng ahamiyatga ega bo‘lishi, xalqaro huquq esa ikki xil standartlarsiz qo‘llanilishi lozim”, — dedi u.
Shuningdek, E.Aripov Xitoyning Markaziy Osiyodagi roli tobora ortib borayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, so‘nggi yillarda Xitoy mintaqaning asosiy iqtisodiy hamkoriga aylangan.
Xususan, 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo hajmi ilk bor 100 milliard dollardan oshgan. Shu bilan birga, so‘nggi o‘n yil ichida mintaqadagi Xitoyning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalari ikki barobardan ortiqqa o‘sib, qariyb 40 milliard dollarga yetgan.
E.Aripov hamkorlikning yangi institusional arxitekturasi shakllanayotganiga ham e’tibor qaratdi. Agar avval hamkorlik asosan Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida amalga oshirilgan bo‘lsa, hozirda “Markaziy Osiyo – Xitoy” alohida formati shakllantirildi.
Infratuzilma va transport bog‘liqligini rivojlantirish ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi misol qilib keltirildi. Ushbu loyiha Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya va keyinchalik Yevropa bozorlari bilan bog‘lashga xizmat qiladi.
“Xitoy ishtirokida yaratilayotgan infratuzilma mintaqaning kengroq transkontinental tarmoqlarga integrasiyalashuviga yordam beradi”, — dedi SMTI direktori.
Uning fikricha, bunday hamkorlik modelining uzoq muddatli muvaffaqiyati loyihalar shaffofligi, xalqaro institutlar bilan muvofiqligi va milliy rivojlanish strategiyalariga hurmat ko‘rsatilishiga bog‘liq.
Xulosa qilib, E.Aripov Markaziy Osiyo hozirda Rossiya, Xitoy, Yevropa, Turkiya va Fors ko‘rfazi mamlakatlari bilan faol hamkorlik qilib kelayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hamkorlik mexanizmlari bir-birini to‘ldirishi va davlatlar suverenitetini mustahkamlashi muhim.
Ma’lumot uchun:
Nizomiy Ganjaviy nomidagi xalqaro markaz — xalqaro munosabatlar, mintaqaviy xavfsizlik va sivilizasiyalar o‘rtasidagi muloqot masalalariga ixtisoslashgan Ozarbayjonning yetakchi tahliliy markazlaridan biri hisoblanadi.