Xitoy Xalq Respublikasi Tolibon hukumatidan Tojikiston-Afg‘oniston chegarasida o‘z fuqarolarining o‘limiga olib kelgan qurolli hujumlar yuzasidan to‘liq va shaffof tergov o‘tkazishni rasmiy ravishda talab qildi. Bu haqda 10 dekabr kuni BMT Xavfsizlik kengashining Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlangan yig‘ilishida Xitoyning BMTdagi elchisi Fu Kung ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, noyabr oyining oxiri — dekabr boshida Tojikistonning chegara hududlarida Afg‘oniston tomonidan kirib kelgan qurolli shaxslar tomonidan ikki marotaba hujum sodir etilgan. Hujumlar oqibatida qurilish maydonchalarida ishlayotgan jami besh nafar Xitoy fuqarosi halok bo‘lgan, yana besh nafari yaralangan.
Fu Kung o‘z nutqida Xitoy fuqarolarining o‘ldirilishini keskin qoralab, buni mintaqaviy xavfsizlik uchun jiddiy tahdid deb baholadi. U Tojikiston va Tolibonni chegara xavfsizligini kuchaytirishga, bunday hujumlarni oldini olish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishga chaqirdi. Shuningdek, Pekin mintaqa davlatlari bilan barqarorlikni ta’minlash borasida hamkorlikka tayyorligini qayd etdi.