Financial Times nashri manbalariga ko‘ra, o‘tgan oyda Rossiya Federasiyasi Xitoy Xalq Respublikasiga umumiy qiymati 818,6 million yevroga teng bo‘lgan oltin quymalarini yetkazib bergan. Oktyabr oyida bu ko‘rsatkich 792,2 million yevroni tashkil etgan edi.
"Umuman olganda, 2025 yilning 11 oyi davomida Xitoy Rossiyadan 1,6 milliard yevrolik oltin sotib olgan. Taqqoslash uchun: o‘tgan yilning oktyabr-noyabr oylarida Rossiyadan Xitoyga umuman oltin yetkazib berilmagan, 2024 yildagi oylik maksimal ko‘rsatkich esa bor-yo‘g‘i 189,9 million yevroni tashkil etgan edi", deya qayd etadi Financial Times.
Bloomberg'ning ma’lum qilishicha, 2025 yilning birinchi yarmi davomida Rossiya qimmatbaho metallarining Xitoyga eksporti deyarli ikki baravar ko‘payib, 1 milliard dollarga yetgan. Agentlik oltin yetkazib berish hajmi ortishining asosiy sabablari sifatida oltin narxining rekord darajaga ko‘tarilgani va talabning yuqoriligini ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, Financial Times gazetasining yozishicha, 2025 yilda Xitoy tomonidan oltin sotib olishning haqiqiy hajmi rasmiy ma’lumotlardan 10 baravardan ko‘proq bo‘lishi mumkin.
Tahlilchilar mamlakatning oltinga bo‘lgan bunday yuqori qiziqishini Pekin zaxiralarini dollarda saqlashdan voz kechayotgani bilan izohlamoqda.