Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi GSMA Intelligence’ning «Xitoy mobil iqtisodiyoti – 2026» (The Mobile Economy China 2026) hisobotini o‘rgandi. Unda mobil aloqa alohida telekommunikasiya tarmog‘i sifatida emas, balki sanoat, sun’iy intellekt, davlat xizmatlari va energetikani rivojlantirish uchun infratuzilmaviy asos sifatida ko‘rib chiqilgan.
2025 yilda mobil texnologiyalar Xitoy iqtisodiyotiga $1,5 trln yoki YAIMning 7,2%i miqdorida hissa qo‘shdi. 2030 yilga borib ushbu ko‘rsatkich $2,11 trln yoki YAIMning 8,4%iga yetishi kutilmoqda.
2025 yilda Xitoy iqtisodiyoti 4,7%ga o‘sdi, jahon iqtisodiyotida esa o‘sish 3,1%ni tashkil etdi. Shu bilan birga, o‘sish sur’ati 2021 yilga nisbatan sezilarli darajada sekinlashdi.
2026–2030 yillarda Xitoy ichki talab, texnologik mustaqillik, ilg‘or ishlab chiqarish, yarimo‘tkazgichlar, sun’iy intellekt va hisoblash infratuzilmasini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat bermoqda. Mobil texnologiyalarning iqtisodiyotga hissasi $1,5 trlndan $2,11 trlnga, YAIMdagi ulushi esa 7,2%dan 8,4%ga oshishi kutilmoqda. Bu aloqa qamrovini kengaytirishdan iqtisodiyot unumdorligini oshirish bosqichiga o‘tilayotganini ko‘rsatadi.
2024 yilda Xitoy aholisining 91%i internet bilan qamrab olingan. Tarmoq qamrovidagi tafovut qariyb 1%ni tashkil etgan bir paytda, internetdan amalda foydalanishdagi tafovut 8% darajasida saqlanib qolgan. Natijada ustuvor vazifalar tarmoq qurilishidan raqamli ko‘nikmalar, talab va onlayn xizmatlardan amaliy foydalanishni rivojlantirish tomon o‘zgarmoqda.