Tramp Zelenskiyga Putin bilan Moskvada uchrashishni taklif qilgani aytildi.
Donald Tramp Vladimir Zelenskiyga Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Moskvada uchrashishni taklif qilgani haqida xabar tarqaldi.
Bloomberg agentligi 25 sentyabr kuni xabar berishicha, AQSh prezidenti bu taklifni BMT Bosh Assambleyasi doirasida Zelenskiy bilan uchrashuvi chog‘ida bildirgan. Agentlik manbalariga ko‘ra, Ukraina prezidenti taklifni rad etgan va undan norozi bo‘lgan.
Biroq keyinroq Ukraina prezidenti ofisi Tramp Zelenskiyga Moskvaga borishni taklif qilgani haqidagi ma’lumotni rad etdi. Bu haqda Financial Times muxbiri Kristofer Miller xabar berdi.
Avvalroq Vladimir Putin Zelenskiyni Moskvada qabul qilishga tayyorligini bir necha bor bildirgan. Zelenskiy esa bunday takliflarni «o‘yinlar» deb atab, uchrashuv uchun Shveysariya yoki Turkiya kabi neytral davlatni taklif qilgan.
23 sentyabr kuni Zelenskiy Rossiya davlat telekanali «Rossiya-1» muxbiri Moskvaga qachon borishi haqida bergan savoliga hazil tariqasida «raketada uchib boraman», deb javob bergan.