BMTning Statistika bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda dunyo sanoat ishlab chiqarishining qariyb uchdan bir qismi — aniqrog‘i 29 foizi — Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu bilan Xitoy nafaqat sanoat gigantiga aylangan, balki ikkinchi o‘rindagi AQShni deyarli 12 foizga ortda qoldirgan. E’tiborlisi shundaki, ilgarilari sanoat sohasida yetakchi bo‘lgan AQSh 2010 yildan boshlab bu pozisiyani Xitoyga boy bergan.
2023 yilda Xitoyning sanoat sektori orqali yaratilgan qo‘shilgan qiymat 4,8 trillion dollarga yetgan va bu mamlakat iqtisodiyotining 27 foizini tashkil etgan. AQShda esa bu ko‘rsatkich ancha past — bor-yo‘g‘i 10 foizdan ozgina ko‘proq. Boshqacha aytganda, bugungi kunda AQSh iqtisodiyoti sanoatga eng kam bog‘liq bo‘lgan yetakchi mamlakatlardan biri hisoblanadi. Bu borada unga faqat Fransiya yaqinroq.
Xitoydan tashqari yana bir qator mamlakatlar — Irlandiya, Kambodja, Janubiy Koreya, Vyetnam va Tailandda ham sanoat iqtisodiyotda 25 foiz yoki undan ortiq ulushga ega. Lekin sanoat hajmi jihatidan bu davlatlar Xitoyga hech qaysi jihatdan yaqin emas.