Xitoyning davlatga qarashli Jilin Chemical Fiber Group kompaniyasi Rossiyaga uglerod tolasi ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan 46 tonna poliakrilonitril yetkazib bergan. Yuk «Rosatom»ning «Alabuga-Volokno» korxonasiga yuborilgan.
Tekshiruvga ko‘ra, yetkazib berish hujjatlarida yuk fuqarolik maqsadidagi sintetik tola uchun mo‘ljallangan bojxona kodi bilan rasmiylashtirilgan. Uglerod tolasi esa Rossiyaning Eronning «Shahed» konstruksiyasi asosida yaratilgan «Geran» zarbali dronlarida qo‘llanadi.
Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu partiya xomashyodan kamida 1 300 ta dron ishlab chiqarish mumkin. Hujjatlarning haqiqiyligi Ukraina hukumati va AQSh Kongressi Vakillar palatasining Xitoy bo‘yicha maxsus qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangani aytilmoqda.
Pekin esa Rossiyaga qurol yetkazib berishini rad etib, ikki maqsadli mahsulotlar eksportini qat’iy nazorat qilishini ta’kidlab keladi.