AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi prezidentlar Klinton va Bushni teraktlar tayyorlanayotganidan ogohlantirgan, biroq 2001 yil 11 sentyabrga qadar bunga e’tibor berilmagan.
Kecha, 11 sentyabr kuni AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) 11 sentyabr teraktlaridan avvalroq “Al-Qoida” Qo‘shma Shtatlarga hujum qilish rejalari yuzasidan prezidentlarga taqdim etilgan 1998–2001 yillarga oid 71 ta razvedka hujjatidan maxfiylik maqomini olib tashladi. Bu 2004 yildan buyon 11 sentyabr voqealari bo‘yicha maxfiyligi bekor qilingan eng yirik arxivdir.
Jumladan, MRB hali 1998 yilning 10 sentyabridayoq “Al-Qoida” portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan samolyot orqali AQShning qaysidir shahriga hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ogohlantirgan.
Bundan tashqari, MRB 2001 yil 11 sentyabrdan bir necha hafta oldin Usoma bin Lodin “Tolibon” yetakchisini “Qo‘shma Shtatlarga ulkan zarar yetkazuvchi” amaliyot tayyorlayotgani haqida ogohlantirgan. 6 avgust kuni esa xavfsizlik xizmatlari hukumatni bin Lodin samolyot o‘g‘irlashga tayyorgarlik ko‘rayotganidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ogohlantirgan.