Eron milliy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Hormuz bo‘g‘ozini yopdi.
Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘ayi ma’lum qildi.
U suv yo‘li Eron nazorati ostida ekanligini ta’kidladi.
"Hozirgi sharoitda biz mamlakat xavfsizligini himoya qilish uchun choralar ko‘rish huquqiga egamiz. Hormuz bo‘g‘ozi hozirda Eron nazorati ostida va biz Ummon bilan boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahatlashuvlarning borishi va natijalari haqida qo‘shimcha ma’lumot berishni rejalashtirmoqdamiz", dedi Bag‘ayi.
U shuningdek, Islomobodda erishilgan kelishuvdan so‘ng bo‘g‘ozdagi vaziyat biroz xavfsizroq bo‘lib qolganini va Tehron memorandum bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarayotganini ta’kidladi. Biroq, uning qo‘shimcha qilishicha, Vashington 23 kundan keyin kelishuvni buzgan.
Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Hormuz bo‘g‘ozidagi beqarorlikni Amerika hujumlari bilan bog‘ladi: "Agar xalqaro hamjamiyat yoqilg‘i narxlarining ko‘tarilishidan xavotirda bo‘lsa, u Qo‘shma Shtatlarni ayblashi kerak", deya qo‘shimcha qildi u.