Xitoy AQShning harbiy kemalari, aviabazalari, dengiz harbiy ob’ektlari hamda Tayvan hukumat binolarining haqiqiy o‘lchamdagi maketlarini barpo etib, ulardan raketa sinovlari va mintaqada yuz berishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy mojaroga tayyorgarlikda foydalanmoqda. Bu haqda The Telegraph nashri sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahliliga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy Xalq ozodlik armiyasi (XXOA) poligonlarida AQShning Yaponiyadagi Yokosuka harbiy-dengiz bazasi, Tayvandagi Suao dengiz bazasi hamda esmineslarning nusxalari aniqlangan. Sun’iy yo‘ldosh suratlarida ushbu maketlarga raketa zarbalari berilgani izlari ko‘ringan bo‘lib, bu qurollarning amaliy sinovlari o‘tkazilayotganidan dalolat beradi. Mutaxassislar fikricha, bunday mashg‘ulotlarda Xitoy kemalarga qarshi va ballistik raketalar, jumladan YJ-21 va YJ-17 gipertovushli raketalarini qo‘llashni mashq qilmoqda.
Pekin Tayvan yo‘nalishiga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Xitoy harbiylari Taybey ko‘chalari va davlat idoralari, jumladan prezident qarorgohining maketlarini qurgan. Ekspertlar fikricha, ushbu ob’ektlar orol poytaxtidagi muhim binolarni egallash va hujum ssenariylarini ishlab chiqish uchun xizmat qilmoqda.
Mutaxassislar bunday tayyorgarlik ko‘lamini misli ko‘rilmagan darajada deb baholamoqda. Ularning ta’kidlashicha, maketlar bir vaqtning o‘zida ham harbiy tayyorgarlik vositasi, ham ehtimoliy raqiblarga signal vazifasini bajarmoqda: Tayvanga — orolni egallash operasiyasiga tayyorlikni, AQShga — mintaqadagi bazalariga ehtimoliy zarbalar berish imkoniyatini, Yaponiyaga esa mojaroga tortilishi mumkinligini ko‘rsatadi.