Xitoy 2026 yilga kelib butun mamlakat bo‘ylab bepul tug‘ruqni ta’minlashni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi Sinxua.
Xitoy 2026 yilgacha ota-onalar uchun bepul tug‘ruqni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli rejani milliy tibbiy sug‘urta tizimi doirasida e’lon qildi.
Ushbu tashabbus shanba kuni bo‘lib o‘tgan sog‘liqni saqlash xavfsizligi bo‘yicha milliy konferensiyada taqdim etildi va mamlakatda tug‘ilish ko‘rsatkichining pasayishini bartaraf etishga qaratilgan kompleks strategiyaning bir qismi sifatida taklif qilindi. Asosiy maqsad — bola tug‘ilishi bilan bog‘liq moliyaviy yukini kamaytirishdir.
Rasmiylarning ta’kidlashicha, homiladorlik paytida tibbiy xarajatlarni qoplash doirasi milliy tibbiy sug‘urta jamg‘armasining moliyaviy imkoniyatlarini hisobga olgan holda kengaytiriladi.
Kelgusi yil uchun maqsad butun mamlakat bo‘ylab tug‘ilishning asosiy xarajatlarini sug‘urta dasturlari orqali to‘liq qoplashdir. Bu holda, fuqarolar sug‘urta polislari bilan qoplangan standart akusherlik xizmatlari uchun o‘z cho‘ntagidan pul to‘lashlari shart emas.
“Hozirda Szilin, Szyansu va Shandun provinsiyalari kabi yettita mintaqada stasionar tug‘ruq xarajatlari to‘liq sug‘urta tomonidan qoplanadi. Rasmiylar bu majburiyat faqat standart tibbiy xizmatlarga tegishli ekanligini ta’kidladilar. Agar homilador ota-onalar asosiy sug‘urta ro‘yxatiga kiritilmagan premium shifoxonalarni yoki dori-darmonlar va materiallarni tanlasalar, qo‘shimcha xarajatlar qoplanmaydi”, - deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari, Xitoy Xalq Respublikasi Tibbiy xizmatlar davlat boshqarmasi onalik sug‘urtasini moslashuvchan ish bilan ta’minlangan fuqarolar, migrant ishchilar va yangi ish shakllaridagi odamlarga kengaytirishni rejalashtirmoqda. Ushbu choralar tug‘ilish darajasini rag‘batlantirishga ham qaratilgan.
Hozirda Xitoyda onalik sug‘urtasi taxminan 255 million kishini qamrab oladi.