AQSh urush vaziri Pit Xegset o‘ziga nisbatan impichment e’lon qilish tashabbusini siyosiy spektakl, fars va sabotaj deb atadi.
Xegset bu haqda Pentagonda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.
«Norozi va mag‘lubiyatga uchragan bir kongressmenning bu harakati nazorat ham, javobgarlikka tortish ham emas. Bu — siyosiy spektakl, shaxsiy manfaatlar va xafagarchilik tufayli yuzaga kelgan shaxsiy bayonot. U Kongressdagi so‘nggi kunlaridan prezidentga, mamlakatga va eng mas’uliyatsiz tarzda uni himoya qilayotganlarga zarar yetkazish uchun foydalanmoqchi», — dedi Xegset respublikachi kongressmen Tomas Massining tashabbusiga izoh berar ekan.
Vazirning ta’kidlashicha, siyosiy kelishmovchiliklar qonun ijodkorligi, munozaralar yoki navbatdagi prezidentlik saylovlari orqali hal qilinishi kerak.
«Bu rezolyusiya aslida nimani anglatishini aniq tushunib olaylik. U dushmanlarimiz — Eron, jinoiy kartellar va bizni kuzatib turgan boshqa barcha raqiblarimizga AQSh qonuniy harbiy operasiyalarni muvaffaqiyatli amalga oshirgani uchun o‘z harbiy xizmatchilari va fuqarolik rahbariyatini jazolashga tayyor ekanini anglatadi. Bu vatanparvarlik emas. Bu — sabotaj», — dedi u.
Xegset yuz berayotgan voqealarni AQSh prezidenti Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida unga nisbatan amalga oshirilgan ikki impichment tashabbusi bilan taqqosladi.
«U yanada kuchli bo‘lib qaytdi va Amerika xalqi uni yana Oq uyga yubordi. Endi ular buni uchinchi marta amalga oshirishga urinmoqda. Bu safar esa uning ma’muriyati a’zosiga nisbatan», — deya ta’kidladi Pentagon rahbari.
Vazirning aytishicha, ilgari hech bir Pentagon rahbari qonuniy harbiy operasiyalarni, ayniqsa, muvaffaqiyatli amalga oshirgani uchun impichmentga duch kelmagan.
Avvalroq Kentukki shtatidan saylangan respublikachi kongressmen Tomas Massi Vakillar palatasiga Xegsetga nisbatan impichment bo‘yicha sakkizta ayblov bandini kiritgan edi.
U dastlab shunga o‘xshash rezolyusiyani sentyabr oyida ham taqdim etgan, biroq qonun chiqaruvchilar saylovoldi ta’tiliga muddatidan oldin chiqib ketgani sababli ovoz berish o‘tkazilmagan.
Vakillar palatasi mazkur rezolyusiyani 11 noyabrdan kechiktirmay ko‘rib chiqishi kerak.