Abduqodir Husanov so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda asosiy kun mavzusiga aylandi. Kimlardir uni maqtadi, olqishladi, yana kimlar esa yomonotliq qilishdan ham qaytmadi.
Biz ikkita voqea atrofida fikr bildiramiz, birinchisi Abduqodir Husanovga ustozi tomonidan "Gelik" sovg‘a qilingani. Hamyurtimiz bunga munosib va ko‘pchilik ijobiy qabul qildi. Ammo aynan shu voqea tufayli u Abbosbek Fayzullayev bilan ham solishtira boshlashdi. Abbosbek Fayzullayev ham Toshkentga keldi, ammo unga "Gelik" sovg‘a qilishmadi", "Siqilma, Abbos, sen Abduqodirdan ham zo‘rsan" kabi ahmoqona fikrlar, solishtirishlar boshlandi. Buni yozayotganlar esa Abbos yoki Abduqodir haqida emas, ko‘proq prosmotr, layklar umuman olganda xayp qilish haqida o‘ylashdi. Abbosbek va Abduqodirni solishtirib, birini ikkinchisidan ustun qo‘yadiganlar ko‘paydi. Tasavvur qilyapsizmi, ikki o‘zbek futbolchisini solishtirib, provakasion fikrlar uyg‘otish aynan o‘zbeklardan chiqyapti. Ya’ni prosmotr uchun millati, g‘ururi sha’nini ham sotishga tayyor ayrim nomardlardan, pastkashlardan chiqyapti.
Endi ikkinchi voqea — "Abduqodir Husanov "Real" futbolkasiga imzo chekishdan bosh tortdi". Aynan shu sarlavhadagi xabarlar ko‘plab saytlarda chiqdi, to‘ldirdi va urg‘u Husanov aynan "Real" futbolkasiga imzo chekishni istamadi, deya qaratildi, tarqatildi, "Real" muxlislarida hamyurtimizga nisbatan qandaydir g‘arazli fikrlar uyg‘onishiga ham qisman sabab bo‘ldi bu. Vaholanki, buning sababi oddiy — Abduqodir Husanov "Manchester Siti" bilan shartnomasi bor va unda hamyurtimiz klubi va terma jamoamizdan boshqa klub yoki terma jamoalar liboslariga imzo qo‘ya olmaydi. Juda oddiy va tushunarli holat. Shuni sarlavhaga olib chiqish va bu bilan xolis, to‘g‘ri xabar tarqatish mumkin edi. Hamyurtimizga nisbatan ayrim salbiy fikrlar ham tug‘ilmasdi. Lekin oramizdan shunday vijdonsizlar ham borki, prosmotr uchun aynan Abduqodir "Real" formasiga imzo qo‘yishni istamadi tarzida tarqatib, prosmotr va podpischik yig‘ish payida bo‘lishdi.
Umuman olganda, bizda muxlislik madaniyati umuman yo‘q. Abduqodir Husanov atrofidagi voqealar buni yana bir bor isbotladi. Biz uchun trendga chiqish, layklar, podpischiklar vatanparvarlikdan ustunroq turadi, afsuski. Albatta, instagramga yoki tik-tokda podpischik ko‘paytirish uchun o‘zini fohishayu moshennikka chiqarishdan qaytmaydigan xalqdan yana nima kutish mumkin!
Fikrlarimiz ancha keskin, tushunamiz, ammo bu haqiqat. Shuning uchun xaypsevarlarga biroz vijdonli bo‘lishni, ishiga mas’uliyatliroq yondashishni maslahat beramiz.