Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov mintaqadagi “otishmalar muammosini” hal qilishning eng to‘g‘ri yo‘li “Xarkov viloyatini qo‘shib olish” ekanligini aytgan edi. Xarkov meri Igor Terexov bunga bergan izohida uning so‘zlarini bema’nilik deb atadi.
"Buni eshitish juda kulgili. Belgorod viloyati Xarkovda faqat "BNR" (Belgorod Xalq Respublikasi) sifatida qabul qilinadi. Shuning uchun u aytgan bema’ni gaplari bilan yupanib yuraversin".
Terexovning eslatishicha, rus qo‘shinlari Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri Xarkovni egallashga uringan, biroq o‘tgan yilning sentyabrida ular mintaqani deyarli butunlay tark etgan.
"Ma’lumot uchun, eslashim mumkinki, agar Belgorod aholisini oladigan bo‘lsak, bu Xarkovning faqat bitta tumaniga teng keladi. Shuningdek, tarix uchun: bir vaqtlar Belgorod shahri Xarkov viloyati tarkibida bo‘lgan. Biroq suverenitet va hududiy yaxlitlikka kelsak, bugungi kunda Ukraina suveren davlat, Xarkov Ukraina shahri bo‘lgan va keyin ham shunday bo‘lib qoladi”, degan Terexov.