Bugun 28 oktyabr, 2024 yil, dushanba

КИР

Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash tizimi takomillashtiriladi

Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash tizimi takomillashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash tizimini takomillashtirish hamda ushbu sohada parlament nazoratini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.

So‘nggi yillarda davlat boshqaruvini samarali tashkil etish, iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy farovonlikni ta’minlash, fuqarolar va xalqaro hamkorlar uchun ochiq, shaffof va samarali muhit yaratishga qaratilgan tizimli islohotlar natijasida mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi ko‘rsatkichlari tobora yaxshilanib bormoqda.

Xususan, keyingi besh yilda O‘zbekiston Huquq ustuvorligi indeksida 16, Korrupsiyani qabul qilish indeksida 32, Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida 18, Iqtisodiy erkinlik indeksida 31, Logistika samaradorligi hamda Global innovasiya indekslarida 11 pog‘onaga yuqorilashga erishdi.

Prezident farmoniga ko‘ra, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishi to‘g‘risidagi milliy ma’ruzani muhokama qilish tartibi joriy etiladi.

Oliy Majlis Senati tomonidan ustuvor xalqaro reyting va indekslarning ro‘yxatini tasdiqlashda tegishli xalqaro reyting hamda indekslarga mutasaddi vazirlik va idoralar biriktiriladi.

Mutasaddi vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari Oliy Majlis Senati tomonidan belgilangan ustuvor xalqaro reyting va indekslarda respublikaning o‘rni yaxshilanishi, shuningdek, ustuvor xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi uchun shaxsan mas’ul hisoblanadi.

2025 yildan boshlab respublika ijro etuvchi hojimiyat organlari rahbarlari va rahbar o‘rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlaridan biri sifatida ularning ustuvor xalqaro reyting va indekslarda respublikaning o‘rnini yaxshilashga qaratilgan faoliyati belgilanadi.

Farmonga muvofiq, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining yangilangan tarkibi tasdiqlandi va unga quyidagi vazifalar yuklatildi:

mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan ustuvor xalqaro reyting va indekslarda respublikaning o‘rnini yaxshilashda maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama qilib borish;

ustuvor xalqaro reyting va indekslarda respublikaning o‘rnini yaxshilash, shu jumladan ilmiy-tadqiqot muassasalarini biriktirish;

milliy ma’ruza tayyorlanishini tashkil etish va uni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish;

turli sohalarda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarning ustuvor xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning o‘rnini yaxshilash maqsadlariga xizmat qilishini ta’minlash, mazkur yo‘nalishdagi ishlarning samaradorligiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘rish;

ilg‘or xalqaro tajribalar asosida davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tashabbuslarni ishlab chiqish;

davlat va jamiyat hayotining turli jabhalarini tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning o‘rniga ta’siri nuqtai nazaridan kompleks baholab borish;

har yarim yilda ustuvor xalqaro reyting va indekslarda respublikaning o‘rnini yaxshilash hamda maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobotlar taqdim etib borish.

Ishchi organlar Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2024 yil yakuniga qadar "O‘zbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda" yagona portali takomillashtirilgan holda ishga tushirilishini hamda kelgusida uning barqaror faoliyat yuritishini ta’minlaydi.

Kiritildi: 05:51 21.06.2024. O'qildi: 775 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!