Isroil HAMAS tomonidan foydalanadigan tunnellarni suv bilan bostirish uchun nasos tizimini o‘rnatdi. Bu haqda The Wall Street Journal AQSh hukumatining nomi oshkor etilmagan amaldorlariga tayanib yozmoqda. Ularga ko‘ra, noyabr oyi o‘rtalarida SAXAL Ash-Shati qochqinlar lageridan taxminan 1,5 kilometr uzoqlikda beshta nasos o‘rnatishni yakunlagan. Ularning kuchi bir necha hafta ichida yer osti tunnel tarmog‘ini suv bilan to‘ldirishi uchun yetarli.
HAMAS uzoq yillardan buyon harbiy maqsadlarda keng ko‘lamli yer osti tunnellari tizimidan foydalanib keladi. 7 oktyabr kuni Isroilga hujum paytida jangarilar ulardan Isroil hududiga bostirib kirishda foydalangan. HAMAS tunnellarda hali ham isroillik garovga olinganlar borligini da’vo qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azo sektori ostida umumiy uzunligi 500 km gacha bo‘lgan tunnellarning keng tarmog‘i mavjud.