Bugun 18 oktyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

World Winners Cup 2026: jahon sohil futboli yulduzlari Alanyada jamlanadi

World Winners Cup 2026: jahon sohil futboli yulduzlari Alanyada jamlanadi

Antaliyaning O‘rta yer dengizi sohillari nafaqat maroqli dam olish maskani, balki yirik xalqaro sport tadbirlari uchun ham muhim maydon hisoblanadi. Turkish Airlines Open va Alanya triatloni kabi musobaqalar shaharning xalqaro sport maydonidagi nufuzini mustahkamlab kelmoqda. Endi esa sohil futboli bo‘yicha xalqaro klublar o‘rtasidagi World Winners Cup 2026 turniri yetti yillik tanaffusdan so‘ng yana Alanyaga qaytmoqda. Turnir 26-oktabrdan 1-noyabrgacha Alanya xalqaro sohil sporti markazida bo‘lib o‘tadi. Ushbu markaz yaqinda Xalqaro voleybol federasiyasi (FIVB) tomonidan Xalqaro mukammallik markazi (ICoE) maqomiga sazovor bo‘ldi. Musobaqa Beach Soccer Worldwide (BSWW) tashkiloti va shahar hamkorligida tashkil etilmoqda.

World Winners Cup 2026 musobaqasida besh qit’adan kelgan 44 ta klub g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Erkaklar va ayollar jamoalari bir hafta davomida o‘zaro bellashadi. 3 300 tomoshabinga mo‘ljallangan tribunalar va to‘rtta asosiy musobaqa maydoniga ega sport markazida ishtirokchilar hamda tomoshabinlar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy yoritish tizimlari uchrashuvlarni kechki paytda ham o‘tkazish imkonini beradi.

Har yili qariyb 800 nafar sportchi, jamoa vakili va jurnalistni birlashtiradigan World Winners Cup Alanyaning xalqaro sport tadbirlari taqvimida muhim o‘rin tutadi. Musobaqa uchrashuvlari 100 ta mamlakatda jonli efirda namoyish etiladi. Bu esa turnirni xalqaro auditoriyaga yetkazish imkonini beradi.

Bu yilgi musobaqaga yana bir o‘ziga xos ruh bag‘ishlaydigan sana – 29-oktabr, Turkiyaning muhim milliy bayrami Respublika kuni. Ushbu kun ham bellashuvlar bo‘lib o‘tadi. Natijada sport shukuhi va milliy bayram tantanalari uyg‘unlashib, Alanyada unutilmas haftaga zamin yaratadi.

Alanya – O‘rta yer dengizi sohilidagi kurort va sport markazi

Antaliyaning sharqiy qismida joylashgan Alanya O‘rta yer dengizi sohilidagi kurort hududlaridan biri bo‘lib, maftunkor sohillari, musaffo dengizi va zamonaviy mehmonxonalari bilan tanilgan.

Har yili millionlab sayyohlarni o‘ziga jalb etadigan Alanya, ayni paytda, Antaliya sport turizmining eng muhim markazlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda hududda sport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda Alanya triatlon, velopoyga va boshqa xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilmoqda. Joriy yilgi taqvimdan 24 ta xalqaro sport tadbiri o‘rin olgan.

Qulay iqlim sharoiti, sport inshootlari va xalqaro musobaqalar Alanyaning Yevropa hamda O‘rta yer dengizi mintaqasidagi sohil sporti markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Kiritildi: 12:01 16.10.2026. O'qildi: 636 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!