Bugun obuna haqida gap ochilsa, uning etagiga “majburiy” degan qo‘shimcha ham osilmoqda. Bundan na kulishni, na kuyishni bilasan, kishi.
Ovqat yeyish, dam olish, sayru sayohat uyushtirish, imkoni bo‘lmasa-da, hashamatli to‘y qilish “majburiy” emas, ammo nafs o‘lsin, ularsiz yashashni tasavvur etolmaydiganlar bor. Ammo ta’lim-tarbiya haqida og‘izni to‘ldirib gapiramiz-u, farzandimiz obuna uchun pul so‘rasa, jerkiymiz. Choyxonalarda hammani o‘ziga qaratib o‘tiradiganlar uyiga yilda bir marta bo‘lsin kitob olib kelmaydi. Uzzu-kun hamsoyaning g‘iybatini qilishdan charchamaydiganlarning esa bolasiga ertak o‘qib berishga “vaqti yo‘q”. Bundaylardan: “Bolangiz gazeta-jurnal o‘qiydimi”, deb so‘rasangiz, o‘qib go‘r bo‘larmidi, degan javobni olasiz. Go‘rmi yoki zo‘rmi bo‘lishini bilmadimu ammo hammamiz ham go‘rga borishimiz aniq. Ammo jismoniy o‘limdan ko‘ra ma’naviy o‘lish yomon. Negaki, mutolaadan uzoqlashish muqarrar halokat. Shumi, bizning ma’naviyatimiz?
...Bolalikda uyimizga pochtachi qo‘shnimiz yetkazib beradigan gazeta jurnallarni bemalol nomma-nom eslayman. “Sharq yulduzi”, “Guliston”, “Fan va turmush”, “Yoshlik”, “Yosh kuch”, “Mushtum”, “Gulxan”, “G‘uncha” kabi jurnallar, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Qishloq haqiqati”, “Sovet O‘zbekistoni”, “Sirli olam”, “Yosh leninchi”, “Lenin yo‘li” (viloyat), “Oktyabr alangasi” (tuman) gazetalarni olib kelishganida, ota-onamdan tortib aka-ukalarga tortishib-talashib o‘qirdik, keyin dala yumushlarida ularda ko‘tarilgan mavzular, asarlar yuzasidan fikrlashardik, bahslashardik. Shu tariqa hammamiz kitobga ko‘ngil qo‘yganmiz. Garchi yaqinlarim menga o‘xshab matbuot sohasiga “berilib” ketmagan bo‘lishsa-da, hozir ham gazetani, kitobni kanda qilmay o‘qishadi. Ota-onamiz esa kolxozdagi yillik daromadimizdan obuna uchun ushlab qolinadigan puldan zarracha og‘rinmasdi, aksincha bundan g‘ururlanardi. Faqat biz emas, butun qishloq, qo‘ni-qo‘shnilarimiz markaziy nashrlarga yozilishni kanda qilmagan. Holbuki, odamlarning u paytlardagi turmushi bilan bugungisining farqi juda katta. Bugungilarga non navbati, yog‘ navbati haqida gapirsangiz kuladi. Ammo gazeta-jurnal o‘qish, unga obuna bo‘lish haqida gapirsangiz, peshonasi tirishadi.
Gazeta o‘qimagan kitob o‘qiydimi?
2017 yil. 3 avgust. Davlatimiz rahbari ijodkor-ziyolilarning bir guruhi bilan uchrashganda, mazkur yo‘nalishdagi muammolarni tilga olib, dildagi gaplarni aytdi. O‘sha uchrashuvdan ko‘p o‘tmay, kino, san’at, teatr, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hujjatlar qabul qilindi. “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmon, “O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda “O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlar shular jumlasidandir. Bu hujjatlarning har birida sohamiz rivoji uchun o‘ta muhim vazifalar belgilangan. Biroq vazifalar ijrosi o‘z holiga tashlab qo‘yilgandek tuyuladi.
Prezidentimiz tomonidan 2017 yil 13 sentyabrda imzolangan “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qaror ziyolilarni behad quvontirgani bejiz emas. Axir, unda inson ongini shakllantiruvchi eng muhim omil — mutolaaga da’vat bor.Mazkur hujjatda “...kitob mahsulotlari bo‘yicha davlat buyurtmasining asosiy yo‘nalishlarini shakllantirish, adabiy-badiiy, o‘quv-uslubiy, ilmiy-nazariy, ilmiy-ommabop va ko‘rgazmali adabiyotlarni chop etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, ixtisoslashtirilgan kitob do‘konlari faoliyatini rivojlantirish” deya ko‘rsatilgan vazifalar bosma nashrlarga nisbatan ham amaliyotda qo‘llansa, ko‘plab muammolar o‘z yechimini topadi. Zero, kitob o‘qish gazeta o‘qishdan boshlanadi.Binobarin, bugun kitob mahsulotlarini nashr qilish va tarqatish tizimi samaradorligini oshirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish kabi dolzarb vazifalarni bajarish maqsadida mamlakatimizda 118 nashriyot, 1 ming 760 matbaa korxonasi, minglab ijodiy va texnik xodimlar faoliyat olib bormoqda. Ularning sa’y-harakati bilan har yili 7 tilda 60 million nusxadan ortiq kitob chop etilayotir.
60 millionning o‘n foizini matbuot nashrlari tashkil etganda edi, biz hozir bu mavzuda maqola yozib o‘tirmagan bo‘lardik.
Yangi universitet ochildi. Talabalar nimadan xavotirda?
“Jurnalistika kasb emas, xarakter”. O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning ushbu gapini jurnalist bo‘lishni orzu qilgan talaba borki, yaxshi biladi. Bu “xarakter”ni yanada shakllantirishda esa tahririyatning o‘rni katta. Qolaversa, muxbirlik uchun nazariy emas, amaliy mashg‘ulotlarning foydasi ko‘proq. Shu ma’noda, tahririyatimizga har kuni 5-6 nafar yigit-qizlar keladi. Aslan ham malakali jurnalist bo‘laman degan odam ishni avval gazetadan boshlasa, yutqazmaydi. Gazeta savodxonlikka, sabrga o‘rgatadi. Quvonchimiz shundaki, zamonaviy kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj inobatga olinib, Yurtboshimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xavotirimiz shundaki, ushbu dargohda tahsil olayotgan yoshlarimiz tahririyatlardagi ahvolni ko‘rib, ishtiyoqlari pasaymoqda. Asosan viloyatlardan kelib, o‘z yurtining bosh kentidan ro‘yxatdan o‘tolmagani yetmaganday, yana xalq dardini yozaman, deya yeng shimargan xodimlarning uy-joy qilish u yoqda tursin, qora qozonini zo‘rg‘a tebratayotganidan voqif bo‘lib, ertaga bizning ham holimiz shumi, deya tashvishlanmoqda.
Mana shunday tashvishlarga chek qo‘yish uchun ham tizimni o‘zgartirishga zarurat bor. Shundagina yoshlarda ishtiyoq ortadi, ularda kasbga nisbatan havas uyg‘onadi. Turlicha qarashlar, fikrlar hisobiga esa nashrlar orasida sog‘lom raqobat paydo bo‘ladi. Modomiki, iqtisodiy nochorlik bosh muharrirlarni ijodni, dolzarb mavzularni o‘ylashdan chalg‘itayotgan ekan, gazetani o‘qishli qilish haqida gapirishning o‘zi kulgili.
Befarqlikka befarq bo‘lmaylik
– Turli tarmoq gazetalari, ilgarigi noqobil siyosat – faoliyatimizni o‘zimiz yoritamiz, qanday xohlasak, shunday yoritamiz, degan qaysar maqsadda ta’sis etilgan, faqat soha xodimlariga mo‘ljallangan nashrlarning istiqboli haqida ularning foydalilik darajasini adolat taroziga qo‘ygan holda o‘ylab ko‘rilsa, ma’qul bo‘lardi, — deydi “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov. – Davlat idoralari, mutasaddi tashkilotlarning barcha bo‘g‘inlarida markaziy gazetalarga, biroq faqatgina hukumat organi bo‘lgan nashrlarga emas, bu bo‘yicha balki maxsus ishchi guruh tuzilar yoki qandaydir qaror qabul qilinar, turli yo‘nalishdagi gazetalarga obuna tashkil etilishi lozim, deb o‘ylayman. Gap xodimlarning oyligidan, o‘qituvchi-yu shifokorlarning maoshidan bosib qolish evaziga uyushtiriladigan majburiy obuna haqida emas, balki tashkilotlarning mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan ixtiyoriy obuna haqida ketmoqda.
Darhaqiqat, ayrim vazirlik yoki qo‘mitalar hamda ularning hududiy bo‘limlari tomonidan son-sanoqsiz nashrlar chop etiladi.Aynan shular odamlarda gazeta-jurnalga nisbatan allergiya qo‘zg‘ayapti. Joylarda mutasaddilar bilan gaplashganda, ular ham shuni ta’kidlashadi. Bir misol, Xalq ta’limi vazirligi tizimida “Ma’rifat“ — “Uchitel Uzbekistana” gazetalari bor ekan, viloyatdagi boshqarmalar tomonidan yana alohida gazeta chiqarishning nima va kimga keragi bor? Tabiiyki, ular o‘zlarining nashrini o‘tkazishga harakat qilishadi, bosimni kuchaytiradi. Oqibatda esa majburiy degan gap paydo bo‘ladi. Umuman, soha hukumat darajasida muhokama qilinib, aniq tizim asosida yechim topilmasa bo‘lmaydigan holatga keldi.
Bozor ustunmi yoki ma’naviyat?
Obuna ortidan yugurib-elish davri o‘tdi, endi nashrni bozorga olib chiqish kerak, deyishadi. “Xalq so‘zi”, “O‘zbekiston ovozi”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Hurriyat”, “Ishonch”, “Jamiyat” kabi gazetalarning bozorda sotilishiga ko‘zim yetmaydi. Chunki bozorning o‘z talablari bor. Ikki-uch karra urinib, bu “maydon”ga panjasini urolmagan odam, keyingi safar bozordagi “ma’naviyat homiylari”ning amrini bajarishga tutinadi. Ya’ni, umrida gazeta o‘qimaganlar falon-pismadon temalarda ko‘proq yozilsa, gazetalaringni olamiz, deyishadi. Shu tariqa asl mohiyati ma’naviyatga xizmat qilish kerak bo‘lgan nashr “bozor tamoyillari”ga bo‘yin egadi. Afsuski, pul topish, moddiy manfaat ilinjida bozorni qizdirishga xizmat qilayotgan nashrlar soni ortib bormoqda. Natija esa ma’lum: davlat siyosatini, islohotlarni targ‘ib etadigan, aholi murojaatlari asosida tanqidiy-tahliliy maqolalar tayyorlanadigan “jiddiy” gazetalarni birov o‘qimay qo‘ydi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ham shu gap
“Mavzu o‘ta dolzarb, — deya o‘z fikrini bildiradi yurtdoshlarimizdan biri Shoira Umarova. — Ko‘tarilayotgan masalalar faqat gazetalarga taalluqli emas. Keng qamrovli ijtimoiy muammolar yig‘indisi desak ham bo‘ladi. Yuqori davlat organidagi faoliyatim davrida o‘ta mas’ul rahbarning javob xatini o‘qib, g‘azabimni yashira olmaganman. Matndagi 10 ga yaqin xatolarni qizil qalam (aniqrog‘i flamaster)da katta katta qilib to‘g‘rilab, tagiga katta “ikki“ baho qo‘yib, kelgan manzilga jo‘natib yuborgan edim. Natijasi tushunarli bo‘lsa kerak. Albatta “yoqmaganimiz“ rost. Xat matnini imzo chekuvchi emas, balki o‘sha “mo‘’tabar dargohlarda qanaqa qilibdir ishlab yurgan“ xodim tayyorlagani yosh bolaga ham tushunarli. Biroq hamma gap ana shu tayyorlovchi bilan birga imzo chekuvchining ham savodi haqida. Gazetalar esa faqat jurnalistni emas, o‘quvchining ham savodini oshirish funksiyasini bajaradi. Shundoq ham ayrim TV ko‘rsatuvlari va radio eshittirishlarida shevadagi yoki “jargon“ so‘zlar ishlatilayotganiga ko‘nikib ketilsa, hademay adabiy o‘zbek tilimiz nogiron holga tushib qolishi hech gap emas. Obunani tashkil qilish masalasida yanayam aniqroq mexanizm yaratilsa. Ya’ni, har yili Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinib, barcha respublika gazetalariga talab va ehtiyoj hisobga olingan holda, har bir tizimga obuna uchun maxsus manbalar belgilanishi, agar byudjet tashkiloti bo‘lsa, uning 50 foizi byudjet mablag‘i hisobidan bo‘lishi belgilanib, byudjetda alohida modda bilan ajratib tasdiqlanishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi”.
Taniqli jurnalist, “Zarafshon” gazetasi Bosh muharriri Farmon Toshevga ko‘ra, buyuk jadidlar Mahmudxo‘ja Behbudiy, Saidrizo Alizoda, Hoji Mo‘yin, Hamza, Shakuriy aholi ma’rifatini faqat kitob va gazetalar oshiradi, deyishgan. Bitta gazetasini yopishsa, ikkinchisini ochishgan. Xonadonlarga choyxonalar, hatto qassob va do‘kondorlar orqali gazeta tarqatishgan. Mamlakatning taraqqiyot bosqichi va aholi ma’rifati saviyasini hisobga olib, bu ishda oqilona ish tutmoq lozim.
– Menimcha, gazetalar har bir xonadonga kechikmay kirib borishi uchun mexanizm yaratilsa, hammasi izga tushadi, — deydi “Oila davrasida” gazetasi bosh muharriri Husniddin Berdiyev. – Hozir ham gazeta o‘qiydiganlar juda ko‘p, ammo ular gazetaning vaqtida kelishiga ishonmaydi va shu uchun obuna bo‘lmaydi.
Yana bir hamkasbimiz Barno Sultonova esa o‘z fikrini bildirib, shunday deydi:
– Yaxshi, o‘qimishli chiqadigan gazetalar ko‘p. Masalan, “Oila va jamiyat“, “Jamiyat“, “Hurriyat“, “Ishonch“ gazetalarida kamida ikki-uchta tahliliy, tanqidiy, mulohazali maqolalar berib boriladi. Bu gazetalarda chop etiladigan maqolalar chuqur tahlil etilgani bilan ba’zida internet saytlardagi maqolalardan dolzarbligi bilan o‘tsa o‘tadiki, hech ham kam emas. Agar ayni paytda obuna maqolalarning sifatiga bog‘liq deydigan bo‘lsak, yuqoridagi gazetalarning obunasi oshib ketishi kerak edi. Muammoning bir uchi o‘quvchilarning “majburiy obuna“ bilan “to‘yintirilayotgani“, ya’ni o‘zlari istamagan nashrlarga obuna bo‘ldirilayotgani sabab yuqoridagi kabi gazetalarga moddiy tomondan imkon topilmayotgani deb o‘ylayman. Gazeta-jurnallar sonini kamaytirish va o‘quvchiga tanlash imkonini berish kerak. Tanlash kuchaygach o‘z-o‘zidan raqobat ham, gazetaning o‘qimishli chiqishiga intilish ham kuchayadi.
Matbuotga ishonch, hurmat va muhabbat kerak!
... Bir onaxonni bilaman. Gazeta-jurnallarni shunchalik avaylab-asraydiki, havasingiz keladi. Uyida 50 yil oldin chiqqan nashrlar taxlami bor. Kimningdir gazeta yirtganini ko‘rsa, dili og‘riydi. Bugun u farzandlarining har biri el-yurtga xizmat qilayotganini g‘ururlanib gapiradi. Bunga sabab onaxon dilbandlarini bolaligidanoq gazeta o‘qiydigan qilib tarbiyalagan, ularni shunga qiziqtirgan. Maktab darsligidan xato topsa, gazetadan shu so‘zni qidirgan, topgan va matbuotga ishonch, hurmat hamda muhabbat bilan qaragan.
Bugun soha ana shunday mehrga muhtoj. Zora, tizim isloh etilishi evaziga shaharlarimizda, tuman markazlarida vino-vodka do‘konlaridan ko‘ra, ko‘proq gazeta do‘konlariga ko‘zga tashlansa...
Maqsud Jonixonov,
"Jamiyat" gazetasi bosh muharriri