Bugun 1 dekabr, 2025 yil, dushanba

КИР

Viloyat hokimi tomonidan Andijonda 15 kunlik ekologiya tadbirlari e’lon qilindi

Viloyat hokimi tomonidan Andijonda 15 kunlik ekologiya tadbirlari e’lon qilindi

Bugun Andijonda ekologiya va atrof-muhitni yaxshilash, havo ifloslanishi oldini olish borasida bajarilayotgan ishlar yuzasidan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda tegishli tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va mustaqil jurnalistlar ishtirok etdi.

Anjumanda viloyat rahbari iqlim o‘zgarishi va havo ifloslanishi bilan bog‘liq muammolar butun dunyo uchun jiddiy xavf ekanini qayd etdi. Tahlillarga ko‘ra, ekologiyaning buzilishiga 40 foiz holatda tabiiy omillar, 60 foiz holatda esa inson faoliyati sabab bo‘layotganini aytib o‘tdi.

Shuningdek, viloyatda ekologik vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida sanoat korxonalarida monitoring stansiyalari o‘rnatilishi, 15 kunlik ekologiya tadbirlari e’lon qilingani va ishchi guruhlar kunu-tun faoliyat yuritayotgani ma’lum qilindi. Hozirga qadar atrof muhitga zarar yetkazayotgan 85 ta korxona faoliyati to‘xtatilgani, ijtimoiy soha ob’ektlarida ko‘mirdan foydalanish qisqartirilgani, sanoat korxonalarida filtr o‘rnatish majburiyligi, qurilish maydonlarida changni kamaytirish, ariqlarni tozalash hamda chiqindi va xazon yoqilishining oldini olish bo‘yicha amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.

Tadbirda ekologiyani yaxshilashda, ma’lumotlarni keng ommaga yetkazishda jamoatchilik va OAV roli muhim ekani aytildi. Shu munosabat bilan faol jurnalist va blogerlar uchun tanlov e’lon qilinib, 10 nafar g‘olib hokimlik sovg‘asi, birinchi o‘rin sohibi esa qimmatbaho sovrin bilan taqdirlanishi ma’lum qilindi.

Anjuman yakunida viloyat rahbari OAV xodimlari va mustaqil jurnalistlarning takliflarini tingladi, ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ularni qiziqtirgan savollariga batafsil javob berdi.

Kiritildi: Bugun 16:43. O'qildi: 205 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!