Bugun 21 noyabr, 2025 yil, juma

КИР

Vens urushdan voz kechib, savdoga o‘tishga chaqirdi

Vens urushdan voz kechib, savdoga o‘tishga chaqirdi

Jey Di Vens Ukraina va Rossiya urushni to‘xtatib, savdo va madaniy almashinuvlarga o‘tishi lozimligini ta’kidladi.

AQSh vise-prezidenti Jey Di Vensning aytishicha, Ukraina va Rossiya urushni tugatib, o‘zaro savdo va madaniy aloqalarni rivojlantirishi kerak. Uning ta’kidlashicha, bunday yondashuv prezident Donald Trampning xalqaro mojarolarga oid «asosiy nuqtai nazarini» aks ettiradi.

Vens Breitbart News jurnalisti Metyu Boyl bilan suhbat davomida Tramp ma’muriyati turli mintaqalardagi urushlarni tugatish uchun iqtisodiy vositalardan foydalanishi mumkinligini aytdi. U hozirda sakkizta tinchlik kelishuvi amal qilayotganini qayd etdi.

Vise-prezidentning ta’kidlashicha, to‘qqizinchi va o‘ninchi kelishuvlar ustida ham ishlar olib borilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘ninchi kelishuvga erishilishi Trampni Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatish uchun asos bo‘ladi.

Vens prezident Trampni «qat’iy, biroq shafqatsiz emas» deb tavsifladi. Uning aytishicha, Tramp zo‘ravonlik tabiatini yaxshi tushunadi va tomonlar urush o‘rniga boshqa yo‘llarni izlashi kerak deb hisoblaydi.

«Nima uchun bir-biringizni o‘ldirishni to‘xtatib, o‘rniga savdo qilmaysiz? Nega ruslar va ukrainlar bir-birini o‘ldirish o‘rniga savdo qilmaydi, sayohat qilmaydi va madaniy almashinuv qilmaydi? Bu uning asosiy qarashi», — dedi u.

Bu bayonot AQShning yangi tinchlik rejasi haqidagi xabarlar fonida yangradi. 19 noyabr kuni AQSh OAVlari hujjat Rossiyaga Donbassning to‘liq berilishini nazarda tutayotgani haqida yozgan edi.

Planda Ukraina armiyasini ikki baravar qisqartirish, qurol-yaroqni cheklash va rus tilini ikkinchi davlat tili sifatida tan olish kabi bandlar borligi aytilmoqda. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, prezident Tramp ushbu hujjatni qo‘llab-quvvatlagan.

Kiritildi: Bugun 17:25. O'qildi: 567 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!