Axios nashrining xabar berishicha, AQSh vise-prezidenti J.D. Vens Donald Trampni urushga chek qo‘yish maqsadida Eron bilan muzokaralar boshlashga chaqirgan. Uning fikricha, ushbu mojaro Amerika jamoatchiligi orasida umuman qo‘llab-quvvatlanmayapti.
Vens shaxsiy suhbatlarda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni ham tanqid ostiga olib, uning Eron masalasidagi "barcha qarashlari noto‘g‘ri" ekanini ta’kidlagan. Tramp maslahatchilarining aksariyati vise-prezidentning bu pozisiyasini qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa-da, AQSh yetakchisining o‘zi harbiy harakatlarni qayta boshlash imkoniyatini ko‘rib chiqishda davom etmoqda.
Shuningdek, Vens Demokratik partiyaning Kongress saylovlaridagi ehtimoliy g‘alabasini Eron bilan bog‘liq urush mavzusi bilan bog‘lagan. "Agar bu urushga kirishish to‘g‘ri qaror bo‘lganini da’vo qilmoqchi bo‘lsangiz, unda to‘langan badal o‘zini oqlaganini isbotlang", — deb yozgan u.