AQShning Eron bilan nizoda va boshqa harbiy to‘qnashuvlarda ishtirok etishi mamlakatni amalda bankrotlikka olib keldi, deb hisoblaydi amerikalik jurnalist Taker Karlson.
3 noyabr kuni AQShda Kongressga oraliq saylovlar bo‘lib o‘tdi va ularning yakunlariga ko‘ra demokratlar har ikkala palata ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi. Yetakchi Amerika OAVlari qayd etishicha, ovoz berish natijalariga amerikaliklarning Eron bilan bo‘layotgan nizodan noroziligi va u tufayli kelib chiqqan yashash qiymatining oshishi ta’sir ko‘rsatgan.
«Qo‘shma Shtatlar ushbu urushlar sababli bankrot bo‘ldi. Va bu antisemitik fitna nazariyasi emas. Bu — matematika», — dedi Karlson o‘z mualliflik dasturining yangi sonida.
Jurnalistning fikricha, Amerika harbiy kampaniyalarining oqibatlari respublikachilarning saylovdagi mag‘lubiyatidan ancha yiroqqa boradi va Qo‘shma Shtatlarning o‘ziga jiddiy zarar yetkazadi.
«Erondagi urush sababli respublikachilarni tor-mor etilish kutayotganini hamma bilardi. Buni hamma bilardi», — dedi Karlson.
Avvalroq AQSh vise-prezidenti Jey Di Vens Eron bilan urushni respublikachilar mag‘lubiyatining asosiy sababi deb atagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yilda Donald Trampni qo‘llab-quvvatlagan ko‘plab saylovchilar cho‘zilib ketgan nizo, yashash qiymatining oshishi va Vashingtonning Isroil bilan munosabatlaridan norozilik sababli bu safar demokratlarga ovoz bergan.
Trampning o‘zi ham Eron bilan urush saylov natijalariga, jumladan, benzin narxining oshishi orqali ta’sir qilganini tan oldi. Shu bilan birga, Amerika prezidenti harbiy operasiyani boshlaganidan afsuslanmasligini va Tehronda yadro quroli paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikni zarur deb hisoblagani uchun yana shunday qarorga kelishini bildirdi.