Venesiya 2150 yilgacha butunlay suv ostida qolishi mumkin. Bu taxmin Milliy geofizika va vulqonologiya instituti xalqaro loyihasi doirasida modellashtirilgan ssenariylardan birida ma’lum qilingan, deya xabar beradi TASS.
Tadqiqotchilarning xulosalariga ko‘ra, «Moisey» to‘siq tizimi shaharni himoya qilish uchun yetarli bo‘lmaydi, deb xabar beradi RAI News 24 telekanali.
Suv toshqini simulyasiyasi 2050, 2100 va 2150 yillar uchun amalga oshirildi. Eng yomon ssenariy XXII asrning o‘rtalarida, 139 kv kmdan 226 kv kmgacha maydonni suv bosishi mumkin bo‘lgan paytda sodir bo‘ldi.
— Qo‘shimcha himoya choralarisiz bu suv toshqiniga olib keladi va mahalliy aholiga ham, Venesiya madaniy merosiga ham katta zarar yetkazadi, - deya ogohlantirmoqda olimlar.
Ular iqlim o‘zgarishi bilan kuchaygan "yuqori suv sathi" ta’siri quruqlik darajasining doimiy pasayishiga va uning dengiz tomonidan so‘rilishiga olib kelishini tushuntiradilar. Endi bu jarayonning tezligi yiliga 7 mm ga yetadi.
150 dan ortiq orollarda qurilgan Venesiyaning yo‘q bo‘lib ketishining oldini olish maqsadida suv toshqini paytida lagunani to‘sish uchun maxsus mobil to‘siq tizimi ishlab chiqilgan.
Bir necha yil oldin, qurilishi qimmatligi tufayli ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan «Moisey» to‘g‘oni foydalanishga topshirildi va so‘nggi yillarda Venesiyani "yuqori suv sathi"dan himoya qildi. Oy sikliga bog‘liq bo‘lgan dengiz to‘lqinlari tufayli yuzaga kelgan "yuqori suv sathi" hodisasi Adriatik dengizi lagunasidagi kichik orollarning tabiiy yostig‘ida joylashgan Venesiyaning orol qismiga xosdir. Ammo suv vaqti-vaqti bilan ko‘tarilib, Avliyo Mark maydonini biroz suv bosadi.