Bugun 9 iyul, 2025 yil, chorshanba

КИР

Velosipeddan nega transport vositasi sifatida foydalanmaysiz?

A A A
Velosipeddan nega transport vositasi sifatida foydalanmaysiz?

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari Kun.uz tahririyati bilan hamkorlikda O‘zbekiston aholisining ishga qatnashda velosipeddan transport vositasi sifatida foydalanish darajasini aniqlash maqsadida so‘rov o‘tkazdi.

So‘rovda 100 mingga yaqin respondent ishtirok etdi va uning natijalariga ko‘ra quyidagilar aniqlandi:

1. Mamlakat aholisining ish joyiga qatnash vositasi bu:
-avtomobil - 51foiz;
-jamoat transporti - 26 foiz;
-piyoda - 16 foiz;
-velosiped - 7 foiz.

2. Qulay infratuzilma mavjud bo‘lgan taqdirda velosipedga o‘tish istagi bormi, degan savolga so‘rovda ishtirok etganlarning
74 foizi - "HA";
26 foizi - "YO‘Q" deb javob bergan va rad etish sabablarini quyidagicha ko‘rsatgan:
-masofa - 12 foiz;
-uyalish - 4 foiz;
-noqulaylik - 4 foiz;
-sog‘lik bilan bog‘liq muammolar - 2 foiz;
-boshqa sabablar - 4 foiz.

Velosipedning ko‘plab afzalliklari mavjud:
➖ Sog‘lik uchun foyda: ishga velosipedda qatnaydigan kishilarda saraton kasalligiga chalinish xavfi 45 foizga, yurak - qon-tomir kasalliklari xavfi esa 46 foizga kamayishi aniqlangan.
➖ Atrof-muhit uchun foyda: Gollandiyaliklarning velosipedda kuniga o‘rtacha 2,6 km harakatlanish odati butun dunyo bo‘ylab amalga oshirilsa, CO2 emissiyasi yiliga 686 mln. tonnaga kamayar edi.
➖ Iqtisodiy foyda: velosipeddan foydalanish ulushini 6 foizga oshirish, yillik global iqlim o‘zgarishini yumshatish uchun yo‘naltiriladigan mablag‘larni taxminan 1,2 mlrd. AQSh dollariga tejaydi.

Velosipeddan foydalanishga to‘siq bo‘luvchi omillar:
➖ Velosipedga bo‘lgan munosabat va uning foydali jihatlaridan bexabarlik eng katta to‘siqlardan biridir. Xususan, "velosiped bu mashina olishga qurbi yetmaydigan kambag‘allar uchun" yoki "ayollar uchun mos bo‘lmagan vosita" degan qarashlar mavjud;
➖Rivojlanmagan infratuzilma kishilarda ushbu ekologik toza va sog‘lom transport turidan foydalanishga nisbatan xavf hissini uyg‘otadi;
➖Shaharsozlik siyosatida qo‘llab-quvvatlash yetarli darajada bo‘lmagan taqdirda velosipedchilar uchun qulay shahar yaratish va ularni rag‘batlantirish yetishmasligiga olib keladi.

Velosipedning afzalliklarini anglagan holda, ko‘pgina davlatlar velosiped transportini rivojlantirish uchun milliy maqsadlarni belgilagan.
Angliya 2025-yilga borib, 2013-yildagiga nisbatan velosiped sayohatlari sonini ikki baravar oshirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
2021-yilda “Velosipedlashtirish” Panevropa rejasi qabul qilingan va unga ko‘ra 2030-yilgacha mintaqadagi barcha davlatlar velotransport sonini sezilarli darajada oshirish kerak.
Fransiya 2024-yilgacha velosipedlashtirish darajasini 2018-yildagiga nisbatan 3 baravar, ya’ni 3% dan 9% gacha oshirishni belgilagan.

O‘zbekistonda ham velosipeddan foydalanuvchilar soni tobora ko‘payib bormoqda. Biroq, bu yo‘lda to‘sqinlik qiluvchi bir qator infratuzilma kamchiliklari mavjud:
➖ Velosipedchilar beton, ariq, chakana savdo rastalari kabi to‘siqlarga duch keladi va avtomobillarning veloyo‘laklardan avtoturargoh sifatida foydalanish holatlar kuzatiladi.
➖ Piyodalar veloyo‘laklarga chiqib, velosipedchilarning harakatlanishiga to‘sqinlik qiladi.
➖ Ba’zi ko‘chalardagi velosiped yo‘laklarining kengligi 1 metr bo‘lib, xalqaro standartlarga javob bermaydi.
➖ Velosiped yo‘laklari tarqoq va bir-biri bilan bog‘lanmangan va buning oqibatida velosipedchilar yo‘lning qatnov qismi bo‘ylab harakatlanishga majbur bo‘lmoqda.

‼️2022-yilda O‘zbekistonda 9902 ta YTH rasman qayd etilgan bo‘lib, ulardan 1136 tasi (11,5 foiz) velosipedchilar ishtirokida ro‘y bergan. Shu bilan birga, 342 ta holat (3,5 foiz) da velosiped yo‘laklarining yo‘qligi sabab bo‘lgan.

Velosiped yanada ommaviy transport turiga aylanishi uchun quyidagilar zarur:
➖ xavfsiz va qulay infratuzilmani, jumladan, harakatlanish yo‘laklari, veloturargohlar va ta’mirlash stansiyalarini yaratish;
➖ velosipedning afzalliklari haqida xabardorlikni oshirishga qaratilgan keng qamrovli marketing kampaniyasini olib borish;
➖ shahar va sayyohlik hududlarida velosipedlarni ijaraga berish tizimi (veloshering)ni rivojlantirish.

Kiritildi: 10:32 14.08.2023. O'qildi: 1779 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!