Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner sentyabr oyida Moskvaga tashrifi chog‘ida Rossiya gazini AQSh vositachiligida Yevropa xaridorlariga yetkazib berishni nazarda tutuvchi tashabbusni ilgari surgan.
The Wall Street Journal nashrining manbalarga tayanib xabar berishicha, bu amerikalik investorlar uchun ham iqtisodiy imkoniyatlar yaratishi mumkin.
Vashington ushbu mexanizmni Rossiya va Ukraina o‘rtasida energetika ob’ektlariga zarbalarni to‘xtatishga qaratilgan ehtimoliy kelishuvning bir qismi sifatida ko‘rgan.
Biroq oktyabr oyida tashabbus ikkinchi darajaga tushib qolgan. WSJ ma’lumoticha, AQSh tomoni e’tiborini keng qamrovli tinchlik kelishuviga qaratgan.
Nashrning yozishicha, amerikalik muzokarachilar Rossiya gazining Yevropa bozoriga qaytishi Moskva uchun kelishuvga rozi bo‘lishga iqtisodiy rag‘bat yaratishi, Ukraina esa gaz tranzitidan qo‘shimcha daromad olishi mumkin, deb hisoblamoqda.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu tashabbusga munosabat bildirib, hozirgi vaziyatda Ukraina orqali gaz tranzitini tiklash imkoniyati yo‘qligini aytdi.
«Hozircha bu haqda gapirish qiyin. Joylardagi vaziyat bunday rejalarni ayni paytda amalga oshirish imkonsizligini yaqqol ko‘rsatib turibdi», – dedi u jurnalistlarga.
Shu bilan birga, Peskov kelajakda vaziyat o‘zgarishi mumkinligini istisno etmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu xaridorlar va sotuvchilarning xohishi hamda imkoniyatlariga bog‘liq.
WSJ ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya hozircha AQShning energetika sohasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish borasidagi urinishlarini rad etmoqda.
Evropa Ittifoqida esa Rossiya gazi importini 2027 yil oxiriga qadar to‘liq to‘xtatish rejalashtirilgan.