«Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan 2021 yilning o‘tgan olti oyi davomida 11 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ xayriya sifatida sarflangan. Bu haqda bugun AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Vaqf xayriya jamoat fondi axborot xizmati rahbari Saidabror Umarov ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, 2021 yil 1 yanvardan 30 iyun sanasiga qadar fondga xayriya, zakot, vaqf mulklari, ziyoratgohlar, diniy tashkilotlar va aksiyalar orqali 21 315 999 344 so‘m kelib tushgan. Fond hisob raqamlaridan o‘tgan 6 oy davomida 17 395 090 948 so‘m, homiylar va hamkor tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan moddiy ko‘rinishdagi ehsonlar bilan qo‘shib hisoblaganda jami 21 403 394 440 so‘m sarflangan.
Jumladan, faqatgina xayriya ishlari doirasida:
«Jami 11 293 272 345 so‘m faqatgina xayriya yo‘nalishlarida sarflangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich fond tomonidan o‘tgan yilning xuddi shu davrida qilingan xayriya ishlari mablag‘lariga nisbatan 5 milliard so‘mga, yoki 50 foizga ko‘proq bajarilgan», — degan Saidabror Umarov.
Uning ma’lum qilishicha, ushbu mablag‘lardan tashqari O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan masjidlar va fond tasarrufidagi ziyoratgohlarning ma’muriy xarajatlari, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hamda obodonlashtirish uchun 10 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.
«Fond mablag‘lari aylanishi va shaffofligini ta’minlash maqsadida fondga tushgan mablag‘lar har kuni vaqf.uz sayti fondning ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida yoritib borildi», — deb ta’kidlagan Vaqf xayriya jamoat fondi axborot xizmati rahbari Saidabror Umarov.