2025 yilda chakana va ulgurji savdoda ikki xonali o‘sish qayd etilib, savdo faoliyati barqaror kengayganini ko‘rsatdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda chakana savdo tovar aylanmasi 482,4 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 11,2 foizga oshgan bo‘lib, ichki iste’mol va savdo infratuzilmasi faolligining ortganini anglatadi.
Chakana savdo
2025 yil davomida chakana savdo segmentida faoliyat yuritgan tijorat korxonalari soni ham o‘sishda bo‘ldi. 1 yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatda chakana savdo sohasida 86 ming 180 ta tijorat korxonasi ish olib borgan. Bu ko‘rsatkich aholiga xizmat ko‘rsatish qamrovi kengayayotgani va kichik hamda o‘rta biznesning ulushi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Ulgurji savdo
Ulgurji savdo bozorida ham yuqori o‘sish sur’atlari qayd etildi. Xususan, 2025 yilda ulgurji savdo tovar aylanmasi 543,3 trln so‘mga yetgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 12,5 foizlik o‘sishni anglatadi va savdo zanjirida yirik partiyalar aylanmasi faollashganini ko‘rsatadi.
Ulgurji savdo sohasida faoliyat yuritayotgan tijorat korxonalari soni ham salmoqli bo‘lib qolmoqda. 1 yanvar holatiga respublika bo‘yicha ushbu yo‘nalishda 51 ming 667 ta korxona ro‘yxatdan o‘tgan. Ulgurji va chakana savdodagi barqaror o‘sish logistika imkoniyatlarining yaxshilanishi, ishlab chiqarish hajmlarining ko‘payishi va bozorda raqobatning oshishi bilan izohlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, 2025 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistondagi savdo kompaniyalarining tovar aylanmasi 721,8 trln so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, ularga ko‘rsatib o‘tilgan davrda 6,2 trln so‘mlik soliq imtiyozlari berilgan.