Davlat test markazi O‘zbekistondagi eng qimmat oliy o‘quv yurtlarini e’lon qildi.
Yurtimizdagi eng qimmat oliy o‘quv yurtlari ro‘yxatiga 9 ta xorijiy universitet filiallari va 1 ta xususiy universitet kiritilgan.
Eng qimmat universitet sifatida AKFA universiteti tan olindi. Unda 1 yillik o‘qish narxi 58 million so‘mni (6084 AQSh dollari) tashkil etadi.
AKFA universiteti Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 fevral qabul qilingan qaroriga binoan tashkil etilgan. Oliy ta’lim muassasasi fundamental, tibbiy, aniq va gumantar fanlar bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlaydi. Ta’lim jarayoni ingliz tilida olib boriladi va 6 yil davom etadi (2 yil tayyorlov kurslari va 4 yil tibbiyot fakultetida).
Moskva davlat Xalqaro munosabatlar institutining O‘zbekistondagi filialida (MGIMO) 1 yillik o‘qish narxi 52 230 000 so‘mni (5479 AQSh dollari) tashkil etmoqda.
MGIMO joriy yilning sentyabr oyidan talabalarni “Biznes-axborot” hamda “Yurispuridensiya” yo‘nalishlarida o‘qitishni boshlagan. Rossiyaning nufuzli universiteti dunyoning eng nufuzli universitetlari ro‘yxatida 366 o‘rinda turibdi.
Toshkent shahridagi Inha universitetida 1 yillik o‘qish narxi 30 000 000 so‘mni (3147 AQSh dollari) tashkil etmoqda.
Toshkent shahridagi Inha universiteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 24 martdagi PQ-2155-sonli «Toshkent shahrida Inha universitetini tashkil etish» to‘g‘risidagi qaroriga binoan tashkil etilib, 2014 yil 2 oktyabrdan “Kompyuter injiniringi” va “Dasturiy injiniring” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z faoliyatini boshlagan.
Toshkentdagi Vebminster xalqaro universitetida (WIUT) 1 yillik o‘qish narxi 30 000 000 so‘mni (3147 AQSh dollari) tashkil etmoqda.
Toshkentdagi Vebminster xalqaro universiteti (WIUT) Markaziy Osiyodagi Buyuk Britaniya ta’lim sifati bo‘yicha o‘qitiladigan ilk universitetdir. 2002 yilning yanvar oyidan faoliyatni boshlagan.
Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida (MDIS Tashkent) 1 yillik o‘qish narxi 28 800 000 so‘mni (3021 AQSh dollari) tashkil etmoqda.
Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 5 sentyabrdagi qabul qilingan PQ-691-sonli qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Intitut O‘zbekiston va boshqa MDH mamlakatlari fuqarolari uchun Tadbirkorlik va menejment, Biznes va marketing, Bank va moliya, Buxgalteriya va moliya, Biznesda hisob-kitob, Xalqaro mehmondo‘stlikni boshqarish sohalarida akademik dasturlar orqali Buyuk Britaniya universitetlari bilan hamkorlik qilgan holda professional rivojlanish imkoniyatini yaratmoqda.
Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida 1 yillik o‘qish narxi 28 500 000 so‘mni (2989 AQSh dollari) tashkil etmoqda.
Universitet 2009 yil 27 aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan tashkil etilgan. Universitetning strategik rivojlantirish rejasiga asosan universitet nafaqat avtomobilsozlik, balki qurilish va arxitektura, energetika va axborot texnologiyalari sohalari uchun kadrlar tayyorlaydigan ta’lim muassasasiga aylanishi nazarda tutilgan. “Mashinasozlik texnologiyasi”, “Aviakosmik injiniring”, ”Sanoat qurilish va arxitektura” hamda “Axborot texnologiyalari va sanoatda ABT” yo‘nalishlarida bakalavriat, “Mashinasozlik texnologiyasi” va “Mexatronika” yo‘nalishida magistratura mutaxassisliklari mavjud.
Toshkent shahridagi Puchon universitetida (Bucheon University in Tashkent, BUT) 1 yillik o‘qish narxi 28 250 000 so‘mni (2963 AQSh dollari) tashkil etmoqda.
Toshkentdagi Puchon universiteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 iyuldagi 3821-sonli Farmoniga asosan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va Puchon universiteti (Koreya Respublikasi) tashabbusi bilan tashkil etilgan. Unda gumanitar: boshqaruv fakulteti, mehmonxona boshqaruvi, maktabgacha ta’lim va boshqalar; tabiiy fanlar: oziq-ovqat, hamshiralik va boshqalar; muhandislik: arxitektura fakulteti, ichki dizayn, AKT, axborot xavfsizligi va boshqalar; san’at: Raqamli media dizayni fakulteti yo‘nalishlari mavjud.
Vebster universiteti Toshkent filiali 1 yillik o‘qish narxi 27 400 000 so‘mni (2874 AQSh dollari) tashkil etmoqda.
2019 yilning 1 noyabr Vebster universiteti (AQSh)ning Markaziy Osiyodagi birinchi filiali - Toshkent shahridagi ta’lim dasturlarini amalga oshirish Markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Universitetda o‘quv jarayonlari 2019/2020 o‘quv yilidan o‘quv jarayonlari boshlandi va bu yerda bakalavriatning asosiy 14 ta ta’lim yo‘nalishlari hamda 16 ta magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
Toshkent shahridagi Yeoju texnika institutida 1 yillik o‘qish narxi 26 000 000 so‘mni (2727 AQSh dollari) tashkil etmoqda.
Institutda arxitektura va shaharsozlik, qurilish, muqobil energiya, turizm, biznesni boshqarish, xalqaro marketing, xalqaro ichtisodiy munosabatlar, boshlang‘ich ta’lim, maktabgacha ta’lim, koreys filologiyasi, liboslar dizayni yo‘nalishlari mavjud.
Amity universiteti Toshkent filialida 1 yillik o‘qish narxi 25 350 000 so‘mni (2659 AQSh dollari) tashkil etmoqda.
Amity universiteti Toshkent filiali oliy ta’limning axborot texnologiyalari, menejment va turizm sohalarida ta’lim beradi.